Toshkentning yana 3 ta tumaniga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
18:17 1020 2 daqiqa
Toshkent shahrining Yangihayot, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Lazizbek Po‘latovich Temirov Yangihayot tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Lazizbek Temirov 1989 yil Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2012 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2021 yilda esa mazkur universitet magistraturasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida iqtisodiyot va davlat boshqaruvi tizimida qator mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2024 yildan Yashnobod tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Hayot Ilyosovich Inog‘amov Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Hayot Inogamov 1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2006 yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini, 2008 yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida transport va yo‘l infratuzilmasi hamda davlat boshqaruvi tizimida qator mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan 2020 yildan Yangihayot tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan.
Bundan tashqari, Akmal Murodovich Jumaboyev Yakkasaroy tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Akmal Jumaboyev 1987 yil Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2011 yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar institutini, 2013 yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida yoshlar tashkilotlari va davlat boshqaruvi tizimida qator mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2021 yildan shu kunga qadar Sergeli tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor, Yashnobod va Yangihayot tumanlari hokimlari lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi. Abdulaziz Abdulhaqov Baxtiyor Rahmonqulov o‘rnini egalladi va Yashnobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Shu bilan birga, Nilufar Allabergenova Yakkasaroy tumani hokimi lavozimidan ozod etildi va Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Live
Barchasi