Toshkent shahri byudjeti tasdiqlandi
Jamiyat
−
08 yanvar
3304Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan holda Toshkent shahrining byudjeti tasdiqlandi. Bu haqda 2024 yil 26 dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan qabul qilingan “2025 yil uchun Toshkent shahar mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorda keltirilgan.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri yalpi hududiy mahsuloti 2025 yil 8 foiz, 2026 yil 7,5 foiz, 2027 yil 7,2 foiz o‘sishi prognoz qilinmoqda. Jumladan, mazkur ko‘rsatkich joriy yilda 302,3 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Poytaxt tumanlari hisoblanmaganda byudjet daromadlari 9 trln 434 mlrd so‘m prognoz qilingan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 47 foizga (6,4 trln so‘m), 2024 yilga nisbatan 14 foizga (8,07 trln so‘m) ko‘p. Tartibga soluvchi transfertlar va tumanlar byudjeti bilan hisoblaganda jami daromadlar 11,4 trln so‘mni tashkil etishi zarur. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i Toshkent shahri byudjeti daromadlarining eng katta qismini tashkil qiladi, ya’ni 1,8 trln so‘m. Keyingi o‘rinlardagi yirik daromad manbalari yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i (1,59 trln so‘m) va foyda solig‘i (1,07 trln so‘m) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i – 977 mlrd so‘m, aylanmadan olinadigan soliq – 913 mlrd so‘m, aksiz solig‘i – 730 mlrd so‘m, davlat boji – 682 mlrd so‘m, yig‘imlar – 460 mlrd so‘m, davlat ulushi bo‘yicha dividendlar va davlat korxonalari foydasidan ajratmalar – 341 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, 2025 yilda jami 821 mlrd so‘m jarimalar to‘planishi mo‘ljal qilingan.
Poytaxt byudjetining 2025 yildagi jami xarajatlarining cheklangan summasi 9 trln 697 mlrd so‘mni tashkil etishi mo‘ljallangan. Umumiy xarajatlarning sezilarli qismi issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplashga yo‘naltiriladi (2,71 trln so‘m). 2025 yilda jamoat transportining brutto shartnomasi asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun subsidiyalar bo‘yicha 1,2 trln so‘m, metropolitenda aholiga cheklangan tariflarda xizmat ko‘rsatish natijasida ko‘riladigan zararni qoplashga 683 mlrd so‘m ajratiladi. Joriy yilda poytaxt byudjetidan kredit va qarzlarni qaytarishga jami 911,9 mlrd so‘m xarajat qilinadi. Shuningdek, tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga 2,25 trln so‘m, obodonlashtirish boshqarmasiga 635 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 215 mlrd so‘m, soliq boshqarmasiga 184 mlrd so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda. Shuningdek, ko‘p qavatli uylardagi liftlarni ta’mirlash va yangilashga 165 mlrd so‘m sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan edi.
LiveBarchasi