Bryusselda ham tartibsizlik: aholi byudjet qisqartirilishiga qarshi bosh ko‘tardi
Olam
−
19:41 753 2 daqiqa
Belgiyaning Bryussel shahrida hukumatning byudjetni qisqartirish rejasiga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 9 oktyabr kuni mamlakatdagi yirik kasaba uyushmalari tomonidan e’lon qilingan umummilliy ish tashlash doirasida qariyb 30 ming kishi namoyishga chiqqan. Ularga yuzlab talabalar ham qo‘shilgan. Namoyishchilar hukumatning mamlakat byudjeti taqchilligini kamaytirish uchun xarajatlarni qisqartirish rejasiga qarshi chiqqan.

Namoyishning asosiy qismi tinch o‘tgan, biroq Bryussel markaziy vokzali yaqinida va shaharning boshqa qismlarida ayrim guruhlar politsiyachilarga shisha idishlar, g‘isht, tosh va petardalar otgan. Shuningdek, yong‘inlar sodir bo‘lgan, jamoat mulkiga zarar yetkazilgan. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagich mashinalari va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan.

Ish tashlash jamoat transporti va aviaqatnovlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘plab maktablar va bolalar parvarishi muassasalarida ham faoliyat cheklangan.


Norozilik namoyishlarini Belgiyaning ikkita yirik kasaba uyushmasi — FGTB/ABVV va CSC/ACV tashkil qilgan. Ular hukumatning byudjet choralariga qarshi chiqib, taqchillikni kamaytirish xarajatlari ishchilar, pensionerlar va kam daromadli oilalar zimmasiga tushishini ta’kidlagan.

Talabalar esa ta’lim xarajatlarining oshishi, sinfxonalarning haddan tashqari to‘laligi va oliy ta’lim olish imkoniyatlarini cheklashi mumkin bo‘lgan islohotlardan norozi. Ularning namoyishlari shu oy boshida Lej shahrida boshlangan va 9 oktyabr kuni Bryusselga ham yoyilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston poytaxti Dehlida Bosh saylov komissiyasi raisi Gyanesh Kumarning iste’fosini talab qilgan namoyishchilardan yuzlab nafari hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi