Rossiya byudjet taqchilligini qoplash uchun 1998 yildan beri eng ko‘p oltin sotdi
Olam
−
10:28 838 3 daqiqa
Rossiya Markaziy banki byudjet taqchilligini qoplash uchun zaxiradagi oltinni ketma-ket o‘ninchi oy sotmoqda. Joriy yilda mamlakat byudjet taqchilligi dastlabki rejadan ikki baravar oshib, 7,3 trillion rublga yetishi kutilmoqda. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyida mamlakatning oltin zaxirasi yana 0,2 million troy unsiyaga, ya’ni qariyb 6,2 tonnaga kamaygan. Natijada zaxiraning umumiy hajmi 72,8 million troy unsiyaga tushgan. Bu 2019 yil oxiridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Markaziy bank dekabr oyida so‘nggi bir necha o‘n yillikdagi eng yirik oltin savdosini boshlagan. O‘shandan beri zaxiradagi oltin miqdori 2 million troy unsiyaga yoki qariyb 62 tonnaga qisqargan.
Ma’lumot uchun, troy unsiya – qimmatbaho metallar, jumladan, oltin og‘irligini o‘lchashda qo‘llanadigan birlik hisoblanadi. Bir troy unsiya 31,1 grammga teng.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya zamonaviy tarixda oltin zaxirasini bundan tezroq faqat 1998 yilda sotgan. O‘shanda mamlakatda defolt, valyuta inqirozi va davlatning qisqa muddatli obligatsiyalari piramidasining qulashi yuz bergan. Markaziy bank uch oy ichida 3,8 million troy unsiya yoki 118 tonna oltin sotgan. Biroq yil oxirigacha oltin quymalarining bir qismi qayta sotib olingan. Shu sababli, 1998 yil yakunida zaxira 1,6 million troy unsiyaga, ya’ni qariyb 50 tonnaga kamaygan. Bu joriy yildagi qisqarishdan kam.
Keyingi yillarda Rossiya oltin zaxirasini muntazam oshirib borgan. 1990 yillarning oxiridan boshlab zaxira hajmi besh baravardan ko‘proqqa ko‘paygan. 2022 yil boshiga kelib, mamlakatning oltin zaxirasi 74 million troy unsiya yoki 2,3 ming tonnani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bilan Rossiya dunyoda beshinchi o‘rinda bo‘lgan.
O‘tgan yil oxirida boshlangan oltin savdosi Rossiya Markaziy bankini dunyodagi eng yirik markaziy bank oltin sotuvchisiga aylantirgan. “Reuters” xabariga ko‘ra, bu jarayon Moliya vazirligining Milliy farovonlik jamg‘armasi aktivlari bilan amalga oshirgan operatsiyalarini takrorlash bilan bog‘liq. Ya’ni Markaziy bank Moliya vazirligi byudjet taqchilligini qoplash uchun avvalroq sotgan jamg‘arma oltinini bozorda sotmoqda.
“Finam” tahlilchisi Aleksandr Potavinning tushuntirishicha, Moliya vazirligi daromadlar yetishmaganida byudjet taqchilligini qoplash uchun to‘plangan zaxiralardan, jumladan, oltindan foydalanadi. 2026 yilda neft va gazdan tushadigan daromadlar kamaygani sababli Milliy farovonlik jamg‘armasi aktivlarini sotish, shu jumladan, oltin savdosi hajmi oshgan.
Potavinning qayd etishicha, Markaziy bank oltin savdosi orqali valyuta likvidligi yetishmovchiligini ham qoplashi mumkin. Jahon bozorida oltin narxining yuqoriligi ham Rossiyani zaxiradagi oltinni ko‘proq sotishga undagan bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, Rossiyada sotilgan oltinning bir qismi Xitoyga olib ketilmoqda. Xitoy joriy yilda Rossiyadan oltin xarid qilish hajmini tarixiy rekord darajaga yetkazgan. Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyul oylarida Gonkongga Rossiyada ishlab chiqarilgan qariyb 100 tonna oltin yetkazilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar ko‘p.
Dunyodagi eng yirik oltin savdo markazi bo‘lgan London bozori Rossiya oltini uchun yopilgach, rossiyalik yetkazib beruvchilar eksportni sharqqa yo‘naltira boshlagan. Bu haqda LSEG tahlilchisi Debajit Saxa ma’lum qilgan.
“Financial Times” hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyingi birinchi yilning o‘zidayoq Rossiya oltini Xitoyga katta hajmda oqib kela boshlagan. Shundan beri Gonkong orqali 35 milliard dollarlik qimmatbaho metall olib chiqilgan.
Live
Barchasi20 Oktyabr