Pekin aholisi 2035 yilga borib “o‘ta qarigan” jamiyatga aylanishi mumkin
Olam
−
11:53 614 2 daqiqa
Xitoy poytaxti Pekin aholisi 2035 yilga borib “o‘ta qarigan” jamiyatga aylanishi kutilmoqda. Bu vaqtga kelib, shahar aholisining qariyb uchdan bir qismini 60 yosh va undan kattalar tashkil etadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil oxirida Pekinda 60 yosh va undan katta bo‘lgan doimiy aholi soni 5,29 million kishini tashkil etgan. Bu shahar aholisining qariyb to‘rtdan bir qismiga teng. Demografik tasniflarga ko‘ra, aholining kamida 30 foizini 60 yosh va undan kattalar tashkil qilgan jamiyat “o‘ta qarigan” deb hisoblanadi.
Shahar hukumati keksalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirmoqda. Jumladan, asosiy pensiya miqdorini oshirish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash hamda uy sharoitida parvarish xizmatlarini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Keksalar sonining ortishi pensiya to‘lovlari va sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan yukni ham oshirishi mumkin.
Nashrga ko‘ra, Xitoy aholisi 2022 yildan beri qisqarib bormoqda va tez sur’atlarda qarimoqda. Bu holat hukumatning ichki iste’molni oshirish va qarzdorlikni jilovlash rejalarini murakkablashtirmoqda. Mehnatga layoqatli aholi sonining kamayishi esa mamlakat iqtisodiyoti va mehnat bozoriga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.
Aholi sonining qisqarishi va tug‘ilish darajasining pasayishiga qarshi Xitoy hukumati farzandli bo‘lishni rag‘batlantirish, bolalarni parvarishlash xarajatlarini yengillashtirish va ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmoqda. Shuningdek, mamlakatda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish boshlangan.
“Reuters” hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy hukumati 2026 yilda tug‘ilishlar sonini oshirish uchun taxminan 180 milliard yuan (26,92 milliard dollar) sarflashi mumkin.
Demograflar va iqtisodchilarning fikricha, bugun bolalar sonining kamayishi kelajakda oilalar sonining qisqarishiga va iste’mol o‘sishining sekinlashishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada tarixiy rekord qayd etilib, 100 yoshdan oshgan aholi soni ilk bor 100 ming kishidan oshgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi