Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Bositxonovadan uzr so‘radi
Jamiyat
−
01 avgust 2019
9043Toshkent shahar IIBB hamda Toshkent shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligidagi jinoyatga moyil ayollarning 23 ta toifasi tuzilgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur ro‘yxat ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozarani keltirib chiqardi. E’tiroz bildirayotganlar, o‘zini tahqirlangan deb baholayotganlar orasida nogiron, ajrashgan, bolasini yolg‘iz katta qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar, Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi xotin-qizlar, uzoq muddatga mamlakatdan chiqib ketganlar talaygina.
Ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklar ortidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova moyil ayollarning 23 ta toifa tuzilishi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.
Toshkent shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan “jinoyatga moyil 23 ta toifa ayollar” toifalari haqidagi muhokamalar yuzasidan izoh berdi.
“Toshkent shahar hokimligining internet sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan “Tuman hokimliklari huzurida “Tezkor shtab” tuzildi” maqolasi ayrim blogerlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingani jamoatchilik orasida tushunmovchilik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
Mazkur maqolada so‘z yuritilgan dastur aslida og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga, yordamga muhtoj, ko‘makni tashqaridan izlayotgan va umidsizlikka tushgan xotin-qizlarning muammolarini aniq, manzilli o‘rganib, ularni yechishga qaratilgan.
Toshkent shahar hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi hurmatli OAV vakillari va blogerlardan axborot tarqatishda ma’lumotlarni to‘g‘ri talqin qilishlarini iltimos qiladi. Shuningdek, biror bir voqelik yuzasidan atroflicha ma’lumot kerak bo‘lsa, siz bilan har doim muloqotga kirishishga va aniq axborot berishga tayyor.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova yuqorida keltirilgan maqola sabab jamoatchilik orasida yuzaga kelgan noxush vaziyat uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan uzr so‘raydi”, deyiladi hokimlik izohida.
LiveBarchasi