Toshkent metrosining ish vaqti 2,5 soatga qisqartirildi
Jamiyat
−
17 iyul 4703 1 daqiqa
Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida 17-19 iyul kunlari poyezdlar harakati vaqtincha soat 06:00 dan 22:30 gacha amalga oshiriladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishidagi bekatlarning texnik holatini qo‘shimcha ravishda batafsil nazoratdan o‘tkazish bilan bog‘liq.
Qayd etilishicha, ushbu muddat davomida Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishidagi 14 ta bekatning konstruktiv va texnik holati mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda sinchkovlik bilan ko‘zdan kechiriladi.
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, profilaktik tadbirlar infratuzilmaning ishonchli faoliyatini ta’minlash, mavjud holatni chuqur tahlil qilish hamda yo‘lovchilar uchun yanada xavfsiz va qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 iyul kuni Toshkent metrosining “Turon” metro bekatida tom konstruksiyasining bir qismi qulab tushishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi