Toshkent metrosida poyezd nega eshiklarini ochib harakatlanganiga izoh berildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Avvalroq, Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi metro poyezdi “Pushkin” va “Buyuk ipak yo‘li” bekatlari oralig‘ida vagonning eshigini yopmay harakatlangani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat bo‘yicha “Toshkent metropoliteni” UK mazkur holatga izoh berib, ayni paytda surishtiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.  

Ta’kidlanishicha, har bir metro poyezdida lokomotiv eshik signalizatsiyasi mavjud bo‘lib, u poyezdlarning ochiq eshiklari bilan harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq eshikning yopilishiga sun’iy halal berilganida yoki yopish mexanizmiga biror buyum tushganida avtomatik yopilish tizimi ishlamay qoladi, chunki bu kabi holatlarda eshikning pnevmatik magistrali o‘chadi.

“Vagonda favqulodda holatlar yuzaga kelgan taqdirda yo‘lovchilardan har bir vagonga o‘rnatilgan “yo‘lovchi-mashinist” maxsus aloqa apparati orqali mashinistga xabar berishlarini so‘raymiz. Shuningdek, eshiklarga suyanmaslikni va avtomatik yopilish vaqtida uni ushlab qolib, harakatga to‘sqinlik qilmasliklarini so‘rab qolamiz. Avtomatik eshiklarni aksariyat hollarda yo‘lovchilar vagonga siqilib kirish yoki kimgadir yordam berish uchun ushlab qoladi. Natijada poyezd stansiyada belgilanganidan uzoqroq qolib ketishi mumkin”, deyiladi izohda.

“Toshkent metropoliteni” UK, shuningdek, holat bo‘yicha vagon va stansiyalardagi videoyozuvlar o‘rganilayotgani va xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 mart kuni Toshkent metropolitenining Chilonzor va Sergeli yo‘nalishlari orasida ikkita poyezd to‘qnashuvi sodir bo‘lgandi.

Keyinroq Sergeli yo‘nalishida bekatlar o‘rtasida metro poyezdi to‘xtab qoldi. Oqibatda yo‘lovchilar releslar ustida harakatlanib, metro bekatiga piyoda yetib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent metropoliteni metro

Baholaganlar

347

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing