Toshkent aeroportida vino shishalariga narkotik yashirgan yo‘lovchilar ushlandi
3-sahifa
−
09:35 1349 1 daqiqa
Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan sintetik giyohvandlik vositasini noqonuniy olib kirishga uringan 2 nafar yo‘lovchi ushlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 4 avgust kuni “Toshkent-Aero” IBK Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi hamda “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etilgan.
Bangkokdan Toshkentga uchib kelgan 2 nafar yo‘lovchi bojxona nazoratidan “yashil” yo‘lak orqali o‘tgan. Biroq ularning yuk xaltalari tekshirilganda, bir-biriga o‘xshash 2 dona vino shishasi hamda 2 dona plastik idish borligi aniqlangan.
Ekspertiza natijasida ushbu idishlarda jami 6,8 kilogramm mefedron sintetik giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, yil boshidan buyon bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 471 ta holatda giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va yashirin aylanmasiga chek qo‘ygan. Ushbu holatlarda jami qariyb 1 tonna 800 kilogramm giyohvandlik vositalari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergovga qadar va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida 4,4 kilogramm mefedron sintetik narkotik moddasini mamlakatga olib kirishga uringan Qozog‘iston fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi