Toshkent aeroporti oldidagi ko‘prikning rekonstruksiyasi qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
28 iyul 14115 2 daqiqa
Toshkent xalqaro aeroportining oldida joylashgan ko‘prikni yangilash uchun 511 mlrd so‘m sarflandi. Bu haqda “Ko‘prikqurilish” AJ loyiha rahbari Bobur Elmurodov “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasiga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, yangi yo‘l o‘tkazgich bir soat ichida 5 mingta, 24 soat ichida esa 132 ming avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega. Loyihaning umumiy miqdori esa – 511 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
“Qatnov qismi 4 tasmali o‘tkazgichning umumiy uzunligi 693,5 metr, eni esa 62 metrni tashkil qiladi. Loyiha doirasida piyodalar va velosiped yo‘laklari hamda sug‘orish tizimlari qurildi. Piyodalar yo‘lagi odamlarga qulay bo‘lishi uchun nisbatan keng, ya’ni 15 metr, velosiped yo‘lagining kengligi esa 13 metr – u bemalol harakatlanish uchun yetarli”, degan Elmurodov.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘prik zamonaviy texnologiyalar asosida yig‘ma monolit uslubida qurilgan. Ya’ni ko‘prikning asosiy o‘tadigan qismi 42 metrlik to‘sinlar orqali barpo etilgan.
“Bunday muhandislik ishlari birinchi marta qo‘llanilyapti. Yo‘l o‘tkazgichga o‘rnatilgan to‘siqlarni qo‘llashdan maqsad avtotransport harakatlanayotganda, transport hodisalari yuz berganda, transportga kamroq shikast yetishi va ichidagi yo‘lovchilarga tan jarohati yetmasaligi nazarda tutilgan. Bular ham yangi texnologiya bo‘lib, 360 gradusga aylanib ishlaydigan texnologiya hisoblanadi. U ham mamlakatimizda birinchi marta qo‘llanilgan”, degan “Ko‘prikqurilish” rahbari.
Qo‘shimcha qilinishicha, bundan tashqari, ko‘prikka 4 ta tushish (s’ezd) yo‘llari va 2 ta klever qo‘shiladi. Ular monolit usulida barpo etilgan bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Bobur ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan ushbu yo‘l o‘tkazgich 1967 yilda qurilgan bo‘lib, bundan avval 2008 yilda rekonstruksiya qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil avgust oyida Toshkent xalqaro aeroporti yaqinida mazkur yo‘l o‘tkazgich qurilayotganda uning beshta to‘sini qulab tushgandi. 2024 yilning 25 oktyabr kuni ko‘prikni Prezident Shavkat Mirziyoyev masofadan ochib bergan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr