Aeroportda oziq-ovqat qadoqlarida narkotikni O‘zbekistonga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
08:58 1180 2 daqiqa
Xorijdan tarkibida psixofaol va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan giyohvand moddalarni O‘zbekistonga olib kelib, ularni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXX va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bangkok – Toshkent” yo‘nalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari tegishli tartibda rentgen apparati orqali tekshiruvdan o‘tkazilgan. Natijada yuklar orasida shubhali oziq-ovqat mahsulotlari borligi aniqlanib, ular ochib ko‘rilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan mazkur shaxs turli oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gramm kannabis moyi va tarkibida psixofaol modda bo‘lgan taxminiy og‘irligi 500 grammni tashkil etuvchi qo‘ziqorinlarni kelgusida sotish maqsadida olib kelgan.
Boshqa holatda esa Toshkent tumani hududida harakatlanayotgan Damas rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq hamda Uchko‘prik tumanlarida yashovchi, 1987 va 1989 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxsga tegishli polietilen paketlarda tarkibida Sibutramin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 12 992 dona kofe mahsulotlari borligi oshkor bo‘lgan hamda tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, ular qo‘shni respublikadan olib kelingan ushbu mahsulotlarni kelgusida Farg‘ona viloyatida sotmoqchi bo‘lishgan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mamlakatga olib kirilayotgan 11,8 kilogramm gashish moyi musodara qilingandi.
Live
Barchasi