Tong qachon otib, kun qachon botganini bilmadik – Koronavirusga qarshi kurashgan shifokor (eksklyuziv suhbat)
Intervyu
−
30 mart 2020
25121Sizni bilmadik, ammo tahririyatimiz a’zolari 29 martni boshqacha kayfiyat bilan boshladi. 14 kun davomida mamlakatimiz koronavirus tarqalgan, bemorlar soni ortib borayotgani, hatto, o‘zim qayd etilgani bilan bog‘liq vahimali xabarlarni yetkazishdan biz ham charchagandik rosti. Bugun esa 7 nafar bemorning sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytayotgani haqidagi xushxabarni kim birinchi uzatarkin deb shoshib qoldik. Xabarni avval xalqqa yetkazaylikmi yo oila a’zolarimizgami... Umuman boshqacha hislar yashaldi bugun.
Dunyoda urushlar turlicha. Hamma urush ham qurol bilan bo‘lavermaydi. Jurnalistlar axborot urushi maydonida soxta axborotlarga qarshi kurashsa, shifokorlar bemori kabi kasallik bilan olishadi. Hamma gap esa bu jang maydoniga kira olishda. QALAMPIR.UZ koronavirus bilan olishgan O‘zbekistonning mard shifokorlarini olqishlagan holda, 41 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan shifokor, virusolog Karimberdi Rizqiyev bilan suhbatlashishga muyassar bo‘ldi.
— Karimberdi aka, avvalo sizni tabriklaymiz. 14 kunlik vahimali xabarlar ortidan xushxabar olishimizga sababchilardan birisiz. Shuncha vaqt davomida kasallik bilan kurashdingiz. Bu kasallik haqida nima deysiz?
— O‘zim 1979 yildan beri tibbiyotda infeksiya sohasida ishlayman. Ish tajribamizda ko‘p infeksiyalarni ko‘rdik. Bu kasallika kelsak, boshqa davlatlarda bo‘layotganini eshitib, ancha tayyorgarliklar ko‘rildi. Boshida ancha qiyin bo‘ldi, keyinchalik ishlarni ancha yo‘lga qo‘yib oldik.
— Bu yangi dard. Buni faqat xorij OAVlaridan bildik, eshitdik. Kasallik O‘zbekistonda aniqlangandan buyon oradan 14 kun o‘tdi. Ushbu 14 kun haqida aytib bera olasizmi?
—14 kun bir yoki ikki kundek o‘tdi. Odam qancha ish bilan band bo‘lsa, vaqt tez o‘tganini bilmay qoladi. Tun-u kun harakatda bo‘ldik. Tong qachon otib, kun qachon botganini bilmadik, sanalarni unutayozdik. Bu muhokama kasallik bo‘lgani sababli, qanday davolaymiz, nima qilamiz deb qo‘llanmalar bo‘yicha ish olib bordik. 25 dekabrda Xitoyda tarqalganidan beri bizga kelishini o‘ylab, oldindan manbalarni ko‘rib, tanishib turdik. Lekin butun dunyoni egallab olishini hech o‘ylamagan edik.
— 41 yillik tajribangiz bor. Ekologik inqiroz sabab vujudga keladigan ayrim viruslar borki, ular boshqa mamlakatlarga o‘tgach, yo‘q bo‘lib ketaveradi. Ammo bu qanday kasallik bo‘ldiki, dunyoning hech bir joyida barham topmayapti?
— Havo tomchi orqali tarqalishining hisobiga juda tez tarqaldi. Boshida Xitoy ham bunchalik bo‘lishini kutmagandi va kechroq e’lon qildi. Bizda avvaldan vazirlik topshirig‘i bilan puxta tayyorgarlik ko‘rilgani o‘z samarasini ko‘rsatdi. Tajribali jamoaning qamrab olingani katta natija berdi. Xalqimiz boshida bu kasallik tarqalishini ko‘rib sarosimaga tushib qoldi. Lekin mana oxirgi 7 bemor davolangani haqida eshitib ancha ko‘ngil tinchidi, shekilli xursand bo‘lib ko‘pchilik qo‘ng‘iroq qilmoqda.
— Bizning tibbiyotimiz qanchalik bu kasalikka qarshi barqaror turib bera oldi?
— Bizga kerakli barcha tibbiy jihozlar, maxsus kiyimlar, respiratorlar yetarli bo‘lib, vaqtida ta’minlanmoqda. Shu tufayli xodimlarga ancha oson bo‘ldi.
— Xodimlar malakasi-chi? Malaka yetarli edimi jamoada?
— Malakali xodimlar yetarli edi. Barchasi oliy toifali shifokorlar, shuningdek yetarli malakaga ega hamshiralar bor edi. Hamma o‘zining navbatchiligida vazifam, burchim deb turdi. “Men bormayman, turmayman, qo‘rqaman”, demadi. Shunchaki, kiyimlarni kiyish va yechish tartibiga rioya qilinsa, tozalikka amal qilsa, o‘zining sog‘lig‘ini saqlab qoladi.
Kasallar boshida kelgan vaqtida karaxt holatda edi. Ko‘pchiligini boshqarib bo‘lmadi, lekin sekin-sekin yaxshi gapirib, tushuntirdik. Tuzalishiga, foyda topishiga ishontirdik. Keyin ular o‘zlariga ham aytganlarimizni qilgani foyda berdi.
—Yevropa davlatlarida ko‘rdikki, shifokorlar ish tashladi. Sizlarning ichingizda ham “nega men, nega men kirishim kerak?” deganlar ham bo‘ldimi?
— Yo‘q. Bizda bunday gaplarni aytganlar bo‘lmadi. Hamma shifokorlar “labbay” deb chaqiriqqa javob berishdi. Rahbariyatning, boshqa shifokorlarimizning xulqlari sababli hamma bizdek shifokorlarning orqasidan yurdi. Chunki ularning ichida o‘zimiz ham yurdik, ishladik. Hamma bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘lib, dalda berib yurdik. Kasallarga ham doim kayfiyatiga qarab turdik. Chunki bu holat odam immunitetiga ta’sirini o‘tkazadi. Xodimlarimiz o‘zining xizmat vaqtlarida vazifalarini bajarishdi.
— Kimdir oddiy kasallik, yana kimdir xavfli kasallik demoqda. Buni oddiy gripp bilan bir xil deyotganlar ham bor.
— Gripp kasalligini aniqlash osonroq. Boshida 2-3 tomog‘i og‘rib, ko‘zlari qizarib yuradi. Bu kasallikda isitma ko‘tarilib, tushib yana to‘satdan ko‘tarilgan hollar bo‘ldi. Lekin grippda nafas yetishmovchiligi bo‘lmaydi. Shuningdek, ichak faoliyati buzilmaydi. Koronavirusga uchragan bemorlarda ichak bilan bog‘liq muammolar ham bo‘ldi. Ko‘proq quruq yo‘tal uchradi. Bunday holga birinchi marta tushgani uchun bemorlarda sarosima kuzatildi. Gripp mavsumiga endi hamma tayyorgarlik ko‘radi. Lekin gripp hech qachon pandemiya darajasiga ko‘tarilmagan.
— 7 nafar bemor sog‘aydi. Ular bunga qanday omillar sabab erishdi?
— Bu kasallikka uchrab tuzalganlar ichida yengil yoki og‘ir darajaga tushganlari ham bo‘ldi. Ba’zi bemorlar jonlantirish bo‘limiga yotqizilib, qo‘shimcha yordam oldi. Kimdir bular yengil darajada kasallangandir, deb o‘ylashi mumkin. Ular ichida har xil darajada kasallanganlari bor edi.
— Ular qanday yengib o‘tishdi kasallikni?
— Endi kerakli, ya’ni kasallikni og‘irlashtirishini oldini olish bo‘yicha muolajalarni olishdi. Masalan, jigar, yurak, ichak va eng asosiysi nafas faoliyatini boshqaruvchi dorilar tufayli immunitet ushlab turildi. Har qanday kasallikdan sog‘ayish avvalo immunitetga bog‘liq. Lekin masalan nafas bilan bog‘liq holatlarni kerakli muolaja bilan qilmasa, qiyin bo‘ladi.
— 2 ta o‘lim holati qayd etildi. Ularning holatiga qanday sabablar ta’sir qildi?
— Ular kasallik bo‘yicha kerakli bilimga ega bo‘lgan. Lekin vaqtida murojaat qilishmagan. O‘zini davolamoqchi bo‘lib, ozgina vaqt yo‘qotgan. Holati yomonlashganda, sun’iy nafas beradigan vaqtda boshqa shifoxonaga ko‘chirildi. Biroq shunda ham 16 soatdan oshiq hayoti uchun kurashildi, harakat qilindi.
—7 kishi tuzalgani bir xursandchilik bo‘lsa, bir tarafdan odamlarda savollar ham keltirib chiqarmoqda: ular yana kasallik tarqatuvchi bo‘lmaydimi, ularda kasallik yana qaytalamaydimi?
— Yo‘q, ularda barcha tahlillar takror-takror olindi. Barcha tekshirishlar kasallika manfiy chiqqanidan so‘ng, ular chiqarildi. Kasallar ichida ahvoli yaxshi bo‘lib turganlar ham bor, lekin ularning tahlillari tashqariga chiqarish uchun yetarli emas. Ular aytganimizdek niqob taqish rejimiga, qo‘l tozaligiga amal qilishsa, ommaviy joylarga borishmasa, tarqatuvchi bo‘lishmaydi. Bir hafta yana nazoratda bo‘lishadi.
— Kasallarning ham o‘z kategoriyalari bo‘ladi. Masalan, gepatit A, B kabi koronavirusning ham o‘z kategoriyalari bormi?
— Menimcha, bu kasallikda kategoriyalar bo‘lmaydi. Aytishim mumkinki, bu kasallikni chatishish holatlarini o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Mutatsiya holati deyishadi, ya’ni kasallik qaysi organizmga kirsa, yangi mutatsiya holatini keltirib chiqaradi. Shu sababli, bir kasallanganlar boshqalardan mutatsiyaga uchraganlarini qaytadan yuqtirgan holatlar bo‘ldi. Shu sababli, vaksinaning ham umumiy ko‘rinishini ishlab chiqish lozim. Bu virusning boshqalaridan farqi, boshqalari bunday tojli ko‘rinishga ega bo‘lmaydi.
— Kuni kecha bir AQSHda yashayotgan taniqli jarroh Metmet O‘z “yaqin kunlarda butun dunyo koronavirusni yuqtirib oladi va kimlardir buni kasallikni oyoqda yurib o‘tkazib bo‘lgan”, degan gapni aytib chiqdi. Shu gaplar to‘g‘rimi?
— Hamma virusni yuqtirdi degani, kasallandi degani emas. Belgisini baribir bosib o‘tadi, lekin qisqa davom etadi. Asosiysi, tashuvchanlik holati uzoq davom etmasa bo‘ldi. Shu tashuvchanlik holatida yurganlar mavjud bo‘lgani sababli, bekorga niqob taqish kabi choralar qilinmadi-da. Siz yuqtirishingiz va u sezilmasligi mumkin. Lekin belgilar sifatida yo‘tal bo‘lishi mumkin va so‘lakdan keyin yuqishi mumkin. Kasallar ichida meni shunchaki tomog‘im og‘riyapti deganlar ham bo‘ldi.
— Fevral oylarida AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi davlatlar koronavirusga bardosh bera olmasligini aytdi. Bu masalada nima deysiz?
— Bu shunchaki ruhiyatga ta’sir o‘tkazish bo‘lsa kerak. Lekin buni tibbiyotga aloqasi yo‘q deb hisoblayman.
— Ko‘p gaplar yuribdiki, havo harorati kasallik tarqalishiga ta’sir o‘tkazarkan. Bu holatga fikringiz qanday?
— Boshqa kasalliklarni ham shunday deb hisoblashadi. Boshida bu kasallik 17 darajada yo‘qolarkan, keyin 25 daraja, oxiri 30 darajada yo‘qolishini aytishmoqda. Lekin bu qanchalik darajada to‘g‘ri ekanini hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri isbotlash qiyin. Havodagi harorat ko‘tarilgani bilan virus yerda saqlanishi mumkin. Bu kasallik viruslari og‘irligi sababli havoda uchib yurmasdan yerga qo‘nadi. Zararsizlantiruvchi vositalar orqali yo‘qolishiga ko‘proq ishonamiz.
— Xabaringiz bo‘lsa, hozir yana 11 kishiga ko‘paydi kasallanganlar. Ko‘pchilik kelayotganlarning ruhiy holati qanday?
— Kelganlar ko‘proq vahima holatida. Aloqada bo‘lganlar orqali chaqirtirilib, aniqlangan. Buyog‘i endi o‘zbekchilik-da. Ko‘shnilarim endi qanaqa qaraydi, odamlar nima deydi deganlarga tushuntirdik. Ularning holatiga, qo‘shimcha shikoyatlariga qarab har xil bo‘limlarga joylandi. Shu sababli, natijalarimiz ijobiy bo‘lmoqda.
— “Jang maydoni”dan chiqqanda qanday holat bo‘ldi?
— Endi kirayotganda mas’uliyat bilan, chiqayotganda boshqacha ko‘tarinki kayfiyatda chiqdik. Nega deganda, xalqimizga, Vatanimizga qo‘ldan kelgancha foydamiz tekkanini sezdik. Ishlayotganda ham shunday kayfiyatda ishladik. Ish joyimizdan davlat, Prezident tomonidan berilgan sovg‘alar bilan chiqdik. Bu albatta ancha ruhimizni ko‘tardi. Bu keyingi mavsumda ishlayotgan xodimlarga ham katta kuch bag‘ishlaydi, degan umiddamiz.
— Xulosa sifatida, xalqimizga ayni vaqtda nima deb ayta olasiz?
— Ko‘p bora tilga olindi. Prezidentimiz ham aytmoqdaki, xalq uyda o‘tirsin, ko‘chada niqoblar bilan yursin deb. Ko‘pchilik bunga jiddiy e’tibor bermadi. Shu sababli jiddiy choralar ko‘rilmoqda. O‘zini, oilasini, qo‘ni-qo‘shnilarni o‘ylagan holatda aytilgan choralarga amal qiladigan bo‘lsa, albatta, bu kasallikni tarqalishiga qarshi xalqimizning rolini ko‘rgan bo‘lar edik. Bu tartib-intizomlarni to‘g‘ri tushunib, hammani bizga ko‘makdosh bo‘lishga chaqiraman.
— Karimberdi aka, sizga suhbat uchun katta rahmat. Xalqimiz sizlar uchun doim duoda, biz ham duodamiz...
— Sizlarga ham katta rahmat!
LiveBarchasi