Koronavirusning yangi to‘lqini O‘zbekistonga ham kirib keldimi?

Salomatlik

image

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini bilan bog‘liq holat barqarorligini aytdi. Otabekovning bu haqdagi so‘zlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev o‘z Telegram-kanalida e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19ʼning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olayotgani haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz va haqiqatga yaqin emas.

“Shu yilning mart oyida koronavirusning Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi ba’zi mamlakatlar bo‘ylab tarqalayotgani haqida ma’lumotlar bor, lekin COVID-19'ning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olmoqda, degan xabarlar asossiz”, degan Nurmat Otabekov.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2024 yilning 13 apreldan koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kundalik axborot berib borishni to‘xtatgan. Davlatlar miqyosida ham shunday. Masalan, Rossiyaning “Rospotrebnadzor” tashkiloti 2024 yil 12 maydan kundalik ma’lumotlar e’lon qilish amaliyotini yakunlagan.

Aslida, shuning o‘ziyoq sayyorada koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekanligini anglatadi. Qolaversa, SARS-CoV-2 ning NB.1.81 shtammi keng ko‘lamda yoyilayotganiga doir ma’lumotlarni JSST rasman tasdiqlagani yo‘q.

“Sir emas, dunyoda koronavirus bo‘yicha shov-shuvli axborotlarni tarqatishdan manfaatdor guruhlar bor. Ayni kunlarda e’lon qilinayotgan bu kabi ma’lumotlarni ham shunday izohlasak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Yer yuzida yangi to‘lqinning kuzatilish ehtimoli qariyb nolga teng”, degan Otabekov.

U, shuningdek, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq holat haqida ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

“O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgani singari munosabat allaqachon shakllangan. Chunki mazkur kasallikni diagnostika qilish, davolash imkoniyatiga egamiz. O‘z navbatida, odamlarda bu xastalikka nisbatan jamoaviy immunitet vujudga kelgan. Nafaqat O‘zbekiston, butun Yer kurrasida holat shunday”, degan qo‘mita raisining o‘rinbosari.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda COVID-19’ga chalinganlar oz miqdorda bo‘lsa ham, aniqlanib turibdi. Ammo murojaat qilgan bemorlarning faqat ikkilamchi surunkali kasalligi bo‘lganlarigina shifoxonada davolanmoqda. Qolganlari xastalik yengil kechganligi sababli ambulator sharoitda muolaja olyapti.

“Yangi viruslar paydo bo‘lgani haqidagi kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas”, deyiladi rasmiy axborotda.

Shuningdek, Otabekov ayni o‘rinda aholiga O‘zbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgani, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib borilishini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy, Singapur va Tailand koronavirusning yangi to‘lqiniga duch kelgani, bu uch mamlakatda yuz minglab COVID-19 holatlari qayd etilgani hamda Tailandda kamida 46 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Infeksiyaning eng ko‘p holatlari Bangkokda qayd etilgan va bunga qisman aprel oyida bo‘lib o‘tgan Songkran bayrami (Tailand yangi yili) aybdor. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, bayram paytida suv bilan o‘ynalgan o‘yinlar virus tarqalishiga sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Koronavirus COVID-19

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing