“Tolibon” O‘zbekiston va Tojikistondan yana vertolyotlarni qaytarishni so‘radi
Olam
−
08 avgust 2022
18260Afg‘oniston Mudofaa vazirligi yana bir bor Tojikiston va O‘zbekistondan ag‘darilgan hukumatdan qolgan vertolyotlarni qaytarishni so‘radi. Bu haqda “Tolonews” xabar berdi.
Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inayatulloh Xovarazamiyning aytishicha, Qobul tez orada vertolyotlarni qabul qilib oladi.
“Vertolyotlar afg‘on xalqining mulkidir. Ular hozirgi hukumatga – Mudofaa vazirligiga qaytarilishi kerak. Albatta, ular o‘z qarashlariga ega, ammo dalil shuki, O‘zbekiston va Tojikistondagi bu (samolyotlar) Afg‘oniston fuqarolariga aloqador, ular qayerda bo‘lmasin olinadi va hisobdan o‘tkaziladi”, deydi u.
Ayni paytda, ayrim tahlilchilar Islom Amirligi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaguncha, bu vertolyotlarni olishning iloji yo‘qligini aytishmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH 2021 yil bahorida o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa Respublikani tark etdi. 6 sentyabrda toliblar butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.
Afg‘onistonda hukumat ag‘darilganda afg‘on uchuvchilari nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekistonga ham harbiy texnikalar bilan qochib o‘tgan. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashevning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil 21 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 46 ta, Tojikistonda esa 18 ta samolyot bor edi, ular orasida Mi-17, UH-60 vertolyotlari, shuningdek, PC-12, C-208, AC-208 va A-29 samolyotlari bor.
O‘zbekiston tomoni "Tolibon"ning talab qilishiga qaramay, uchoqlarni Afg‘onistonga qaytarish niyatida emas. Rasmiy Toshkent texnikalarni AQSHga topshirishga qaror qilgan.
LiveBarchasi