“Tolibon” Toshkent va Dushanbe bilan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshladi
Olam
−
04 yanvar 2022
11592Afg‘onistondagi “Tolibon” harakatining muvaqqat hukumati avvalgi tuzum qulashi chog‘ida O‘zbekiston va Tojikistonga o‘g‘irlab ketilgan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda jurnalistlarga “Tolibon” muvaqqat hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Inamulla Samangani ma’lum qilgan.
Uning eslashicha, afg‘on uchuvchilari qo‘shni Tojikiston va O‘zbekistonga 40 dan ortiq vertolyotlarni olib qochgan.
Samangoniyning aytishicha, hozirda “Tolibon” Toshkent va Dushanbe bilan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, biroq ular qachon qaytarilishi hozircha ma’lum emas.
Muvaqqat “Tolibon” hukumatidagi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inayatulla Xorazmiy, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlariga vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha ariza allaqachon berilganini, biroq hozircha ijobiy javob yo‘qligini aytdi.
Afg‘onistonda avvalgi hukumat davrida 164 dan ortiq vertolyot bo‘lgan, ularning aksariyati AQSHdan olib kelingan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallagach, afg‘on uchuvchilari mamlakatni tark etgandi.
Shundan so‘ng 465 nafar afg‘on harbiy uchuvchilari oila a’zolari bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgandi. “Tolibon” esa ularni qaytarishni talab qilayotgandi. Shu orada O‘zbekiston qochib o‘tgan afg‘on uchuvchilari oilalari bilan Amerika bazasiga ko‘chirilishi haqida AQSH bilan kelishdi. Qayd etish kerakki, uchuvchilar toliblar barcha amaldorlar, harbiylarga amnistiya e’lon qilganiga qaramay, o‘zi va yaqinlari xavfsizligi uchun xavotirda edi, voqealar rivoji ularning xavotiri o‘rinli ekanini ko‘rsatmoqda.
“Tolibon” esa O‘zbekistondan afg‘on uchuvchilari olib o‘tgan samolyotlarni qaytarishni so‘radi.
LiveBarchasi