“Tolibon”ning ashaddiy dushmani Yevropa parlamentiga taklif qilindi

Olam

image

Yevropa parlamenti Afg‘oniston bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Unga ko‘ra, Panjsherdagi “Tolibon”ga qarshi kuchlar yetakchisi Ahmad Mas’udni Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqi kengashi sessiyasiga taklif qilish nazarda tutilgan.

Yevroparlament sessiyasida Gollandiyadan kelgan deputat Bart Grutxeys xuddi shunday tashabbus bilan chiqdi.

“Keling, 20 yil oldin uning otasi bilan bo‘lganidek afg‘on qarshilik kuchlarining jasur rahbarini Yevropa parlamentiga taklif qilaylik. Afg‘onistonning yaxshi kelajagiga umid hali o‘lmagan”, degan Grutxeys.

Milliy qarshilik frontining tashqi aloqalar bo‘limi rahbari Ali Meysama Nazarining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ahmad Shoh Mas’ud va kichik Mas’udning kurashini yuqori baholagan.

Ammo hozircha Ahmad Mas’ud Yevroparlament sessiyasida ishtirok etishi haqida ma’lumot yo‘q.

Panjsherdagi qarshilik kuchlari

Panjsher – Afg‘oniston sharqida joylashgan viloyat. Viloyat aholining asosiy qismini etnik tojiklar tashkil qiladi. Joriy yilning 15 avgust kuni Prezident Ashraf G‘ani boshliq AQSH etovidagi hukumat "Tolibon" harakati tomonidan ag‘darilgach, Panjsher toliblarga munosib qarshilik ko‘rsatgan yagona kuch bo‘ldi. Bu yerda sobiq vitse-prezidenti Amrulloh Solih va toliblarga qarshi boshqa kuchlar jamlangandi. Qarshilik kuchlariga Ahmad Mas’ud yetakchilik qilyapti.

Joriy yilning 6 sentyabr kuni toliblar Panjsher viloyatiga kirib bordi. Biroq, hozircha "Tolibon" viloyatni to‘lig‘icha egallab olmagan.

Ma’lumot uchun, Ahmad Mas’ud mashhur afg‘on qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li. Ahmad Shoh Mas’ud o‘tgan asr oxirida dastlab Sovet armiyasiga qarshi, keyinroq "Tolibon"ga qarshi kurashgan. 1996 yilda "Tolibon" Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganida u Panjsher viloyatining mustaqilligini saqlab qolib, hududni toliblarga qarshi kurash markaziga aylantirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ahmad Mas'ud

Baholaganlar

349

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing