Ahmad Mas’ud “Tolibon”ga qarshi kurash uchun G‘arbdan yordam so‘radi
Olam
−
19 avgust 2021
26628Afg‘onistonning “Tolibon” nazoratiga o‘tmagan Panjsher viloyatini nazorat qilib, radikal harakatga qarshilik ko‘rsatayotganlar G‘arbdan qurol yetkazib berishni so‘ramoqda. Qarshilik harakati yetakchisi Ahmad Mas’ud (o‘tgan asrning 80-90-yillarida SSSR qo‘shinlariga va keyinroq “Tolibon”ga qarshi kurashgan mujohidlar lideri Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li) shunday bayonot bilan chiqqan.
“Washington Post”da e’lon qilingan bayonotda Mas’ud AQSH va uning ittifoqchilari “jang maydoni”ni tark etganini, ammo Amerika hamon “demokratiyaning buyuk arsenali” bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Shu maqsadda men Afg‘onistonning G‘arbdagi do‘stlaridan Vashington va Nyu-Yorkda, Kongress va Bayden (AQSH Prezidenti) ma’muriyati qarshisida, men tahsil olgan Londonda, shu yil bahorda Yelisey saroyi maydonida otamning xotirasi yod etilgan Parijda bizni himoya qilishlarini so‘rayman”, degan Ahmad Mas’ud.
Mas’ud uning chaqirig‘iga javob bergan Afg‘oniston armiyasi qurol va uskunalar bilan Panjsherga kelayotganini aytgan. Ular qatorida maxsus topshiriqlar bo‘linmasi askarlari ham bor.
“Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, men va mening mujohid jangchilarim Afg‘oniston ozodligining oxirgi tayanchi sifatida Panjsherni himoya qilamiz. Bizning jangovar ruhimiz mustahkam. Bizni nima kutayotganini o‘z tajribamizdan bilamiz. Lekin bizga ko‘proq qurol, o‘q -dorilar va qo‘shimcha uskunalar kerak”, degan kichik Mas’ud.
Eslatib o‘tamiz, Panjsher viloyati Afg‘onistonning “Tolibon” nazoratiga o‘tmagan yagona hudud bo‘lib turibdi. Viloyatga shuningdek, Ashraf G‘anidan keyin o‘zini Afg‘onistonning vaqtinchalik Prezidenti, deb e’lon qilgan Amrulla Solih ham yetib kelgan.
Avvalroq, qarshilik harakati “Tolibon” pozitsiyalariga hujum qilib, Qobul shimolidagi Chorikor tumanini toliblardan qaytarib olgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi