Marshal Do‘stum Afg‘onistonga qaytib, “Tolibon”ni yakson qilishini aytdi (video)

Olam

image

Afg‘oniston davlat va siyosat arbobi, o‘zbek aslli Marshal Abdulrashid Do‘stum Turkiya poytaxti Anqarada Qurbon hayiti munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda “Tolibon” hukumatiga tahdid qildi. Bu haqda “Afghanistan International” nashri xabar berdi.

Do‘stum Afg‘onistonni amalda boshqarayotgan guruhni mamlakatni tark etishga chaqirib, aks holda 2001 yil dekabr oyida unga sodiq kuchlar tomonidan o‘ldirilgan 2000 nafargacha “Tolibon” askarining taqdiri yana takrorlanishi mumkinligini ta’kidlagan. U tarixda “Dashti-Layli qirg‘ini” nomi bilan yodda qolgan voqea bu safar yanada keng ko‘lamda sodir bo‘lishi mumkinligini urg‘ulagan. Qolaversa, general bu safar “Tolibon”ning qochish uchun hech qanday yo‘li qolmagani va ular tanlaydigan har qanday yo‘l muxoliflar qo‘lida bo‘lishini bildirgan. 

“Ertaga yana bizni ayblab, Dashti-Laylida nima bo‘ldi? demasinlar. Hozir na Tramp, na Putin va na Afg‘oniston qo‘shnilari “Tolibon”ga ishonyapti. Xalq ishonchi komil bo‘lsin – “Tolibon” qanday kelgan bo‘lsa, shunday ketadi. Bu hazil emas”, degan u.

Ma’lumki, 2001 yilda “Tolibon”ning birinchi hukmronligi tugashi arafasida, ularning katta guruhi Juzjon viloyatidagi Shibirg‘on shahri yaqinida joylashgan Dashti-Laylida havo o‘tkazmaydigan metall idishlarda o‘qqa tutilgan yoki bo‘g‘ib o‘ldirilgan va ommaviy qabrlarga ko‘milgan. 2021 yilda “Tolibon” yana hokimiyatga kelgach, qurbonlar yotgan ommaviy qabrlar atrofiga devor qurib, maqbara barpo etdi.

Shuningdek, Do‘stum “Panjsher arsloni” sifatida tanilgan marhum siyosiy arbob Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li – Milliy qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas’udga murojaat qilib, uning “Tolibon”ga qarshi siyosiy va harbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. U qiyinchiliklar sababli charchamaslik va umidsizlikka tushmaslik zarurligini ta’kidlagan.

“Biz siyosiy kuchi va to‘liq harbiy salohiyatimiz bilan Milliy Qarshilik Jabhasining yonidamiz”, degan Do‘stum.

Mazkur holat yuzasidan “Tolibon”ning ezgulik vazirligi matbuot kotibi bayonot berib, muxolifat yetakchilarining tahdidlarini “safsata” deb atadi.

“Muxolifat yetakchilarining, jumladan, Marshal Do‘stumning tahdidlari – bu faqat ommaviy axborot vositalari uchun aytilgan bo‘sh gaplar. Ular “Tolibon”ga qarshi aniq g‘oya yoki dasturga ega emaslar”, deb yozdi Sayfulislam Xaybar o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda ham Marshal Do‘stum Dashti-Layli voqealarini takrorlash niyatida ekani aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

tolibon Ahmad Mas'ud Abdulrashid Do'stum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing