“Tolibon” xotin-qizlarning ta’limi qachon va qay shaklda tiklanishini ochiqladi
Olam
−
28 dekabr 2022 6282 1 daqiqa
Afg‘oniston rahbariyati 2023 yilning mart-aprel oylarida xotin-qizlarning ta’lim jarayoni bo‘yicha qaror qabul qilmoqchi. Bu haqda kecha, 27 dekabr kuni "Tolibon" harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumatdagi kon va neft sanoati vaziri Shahabuddin Delavar ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Ariana News” telekanali.
“Hamal oyigacha (21 mart – 20 aprel), Xudo xohlasa, shariat va afg‘on an’analariga mos keladigan o‘rta maktablar, boshlang‘ich maktablar va universitetlar bo‘yicha qaror qabul qilinadi”, deydi Delaver.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qildi. Buning ortidan AQSH ma’muriyati o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida qizlarning o‘qishi to‘xtatilgani munosabati bilan “Tolibon” harakatiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
"Tolibon"ga ko‘ra, bunday qarorga “[universitet] yotoqxonalarida ayollarning bo‘lishi va ularning viloyatlardan [o‘qish uchun] erkaklar hamrohligisiz kelishi, talaba qizlarning hijob o‘rash qoidalariga rioya qilmasligi, erkak va ayolning birgalikda o‘qishi, ba’zi fakultetlarda qizlarning o‘qitilishi islom qonunlariga zid va afg‘onlarning g‘ururiga putur yetkazishi sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi