“Tolibon” Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” forumida qatnashadi – “Reuters”
Olam
−
15 Oktabr 2023
4691“Tolibon” kelasi hafta Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” forumida ishtirok etadi. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumati matbuot kotibi Oxundzoda Abdul Salom Javadga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Tolibon” savdo va sanoat vaziri vazifasini bajaruvchi Hoji Nuruddin Aziziy yaqin kunlarda Pekinga boradi”, degan matbuot kotibi.
Uning aytishicha, Aziziy Afg‘onistonga yirik investorlarni taklif qilishi kutilmoqda. Shuningdek, “Tolibon” vakili Pekin bilan rasmiy aloqalari kuchayib borayotganini ham ta’kidlagan.
Qayd etish joiz, joriy yilning may oyida Xitoy, “Tolibon” va qo‘shni Pokiston rasmiylari “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga Afg‘onistonni ham kiritish istagi borligini bildirgandi.
Ma’lumki, hech bir davlat tomonidan rasmiy tan olinmagan “Tolibon” rasmiylari va vazirlari, asosan, Afg‘onistonga bag‘ishlangan mintaqaviy yig‘ilishlarda ishtirok etib kelmoqda. “Bir makon, bir yo‘l” forumi esa “Tolibon” taklif qilingan eng nufuzli ko‘p tomonlama sammitlardan biridir.
Joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari Pekinda bo‘lib o‘tadigan forum global savdoni rivojlantirish uchun qadimgi Ipak yo‘lini qayta tiklash sifatida e’tirof etilgan ulkan global infratuzilma va energetika tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur forumga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni taklif qilinmagani aytilgandi.
LiveBarchasi