“Tolibon” qizlarning o‘qishini to‘xtatib qo‘yishga olib kelgan sabablarni ochiqladi
Olam
−
23 dekabr 2022
13825Afg‘onistonda “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumatdagi oliy ta’lim vaziri Nad Muhammad Nadim “Tolibon”ning afg‘on universitetlarida talaba qizlarning darslarini to‘xtatish haqidagi qaroriga turtki bo‘lgan to‘rtta sababni aytib o‘tdi. Uning kecha, 22 dekabr kungi so‘zlarini “TOLOnews” telekanali keltirmoqda.
Nad Muhammad Nadimning so‘zlariga ko‘ra, bunday qarorga “[universitet] yotoqxonalarida ayollarning bo‘lishi va ularning viloyatlardan [o‘qish uchun] erkaklar hamrohligisiz kelishi, talaba qizlarning hijob o‘rash qoidalariga rioya qilmasligi, erkak va ayolning birgalikda o‘qishi, ba’zi fakultetlarda qizlarning o‘qitilishi islom qonunlariga zid va afg‘onlarning g‘ururiga putur yetkazishi sabab bo‘lgan.
2021 yil bahorida AQSH o‘z Qurolli kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng “Tolibon” mamlakat ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiyani boshlagan edi. 15 avgust kuni toliblar Qobulga jangsiz kirib keldi va 7 sentyabr kuni qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.
2021 yil sentyabr oyi boshida Afg‘onistonning butun hududi ustidan nazorat o‘rnatgan “Tolibon” tarafdorlari ayollar va qizlarga turli cheklovlar qo‘ya boshladilar va buni mamlakatda “tegishli islomiy muhit” yaratish zarurati bilan izohladilar. Jumladan, 20 yilga yaqin mavjud bo‘lgan Xotin-qizlar ishlari vazirligini tugatib, o‘rniga Islomiy da’vat, hidoyat, amr va ma’rifat vazirligini tashkil etishdi, qizlarning maktablarga kirishini cheklandi va ko‘chada, jamoat joylarida ayollar ro‘mol o‘rashga majburlandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qildi. Buning ortidan AQSH ma’muriyati o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida qizlarning o‘qishi to‘xtatilgani munosabati bilan “Tolibon” harakatiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi