“Tolibon”ga qarshi jiddiy operatsiyalar: bir sutkada qariyb 600 jangari yo‘q qilindi
Olam
−
09 avgust 2021
23266Afg‘oniston harbiylari mamlakatning Qandahor, Hirot, Helmand, Paktiya va boshqa provinsiyalarida keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligining Twitter sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari tomonidan so‘nggi bir sutkada “Tolibon” harakatining 579 jangarisi yo‘q qilingan, yana 161 kishi yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 avgust kuni Afg‘oniston harbiylari bir sutkada “Tolibon” harakatining 455 nafar jangarisini yo‘q qilib, 232 kishini yaralagandi.
Bundan tashqari, joriy yilning 7 avgust kuni AQSHning “V-52 Stratofortress” bombardimonchi samolyotlari Juzjon viloyatining Shibirg‘on shahrida “Tolibon”ga qarshi aviahujum uyushtirgan. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Favad Omonning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida 200 dan ortiq “Tolibon” jangarisi, shuningdek, 100 dan ortiq transport vositalari, ko‘p miqdordagi qurol va o‘q-dorilar yo‘q qilingan.
Ma’lumot uchun, hozirda Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida harbiy harakatlar ketyapti. Kimning qo‘li baland kelishi borasida bir aniq bashorat berish qiyin. Chunki O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisidan har kuni turli xil xabarlar kelmoqda.
Bir safar toliblar Afg‘onistonning biror tumanini egallagani aytilsa, boshqa safar hukumat kuchlari harakat a’zolarining bir qancha jangarilarini yo‘q qilganini aytmoqda. Jumladan, Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari bir sutkada “Tolibon” harakatining 450 dan ortiq jangarasini yo‘q qilgani haqida xabar bergan bo‘lsa, iyul oyi oxirida harakatning bir necha qo‘mondonlari hibsga olingani aytilgandi. Shu o‘rinda, mamlakatni tark etayotgan AQSHning urinishlarini esdan chiqarmaslik kerak. Amerika Havo kuchlari bir necha marta toliblarni havodan o‘qqa tutib, “Tolibon”ni faol harbiy harakatlar olib bormaslikka chaqirdi. O‘z navbatida, rasmiy Qobul “Tolibon” bilan tinchlik o‘rnatishga rozi ekanini ma’lum qilgan.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi