“Tolibon” fermerlarga ko‘knor yetishtirishni taqiqladi – OAV

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan “Tolibon” harakati mahalliy fermerlarga afyun olinadigan ko‘knor yetishtirishni taqiqladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Ba’zi yirik ko‘knor yetishtiriladigan hududlar aholisi “Tolibon” rahbarlari ushbu o‘simlikni yetishtirishni taqiqlaganini aytgan. Bu butun mamlakat bo‘ylab xomashyo narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.

Jangarilar shu kunlarda mamlakatning afyun ishlab chiqariladigan asosiy mintaqalaridan biri bo‘lgan Qandahor viloyatida fermerlar bilan bir necha uchrashuv o‘tkazgan. “Tolibon” vakillari narkotik ishlab chiqarish taqiqlanayoganini aytgan va za’faron yetishtirishni boshlash haqida maslahat bergan.

Taqiqlar joriy yilning 18 avgust kuni “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulla Mujohidning yangi hukumat mamlakatda giyohvand modda savdosiga ruxsat bermasligi haqidagi bayonoti ortidan joriy qilingan.

Qandahor, Uruzgon va Hilmend viloyatlaridagi mahalliy fermerlar afyun xomashyosining narxi kilogramiga 70 dollardan 200 dollargacha ko‘tarilganini aytgan. Mamlakat shimolidagi Mozori-Sharif shahrida afyun bahosi ikki baravar ko‘tarilgan.

“Agar toliblar ko‘knor yetishtirishni taqiqlasa, odamlar ochlikdan o‘ladi. Biz hamon ko‘knor yetishitirshga ruxsat berishlariga umid qilamiz. Hech nima ko‘knor yetishtirishdan keladigan daromadimiz o‘rnini bosolmaydi”, degan Uruzgon viloyatidagi fermerlardan biri “The Wall Street Journal”ga.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan  "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon ko'knor

Baholaganlar

402

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing