“Tolibon” elchisi Toshkentga keldi (foto)
Jamiyat
−
22 Sentabr
7000Bugun, 22 sentyabr kuni “Tolibon” tarafidan Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Abdul G‘affor Bahr Toshkentga yetib keldi. Bu haqda “Shafaqna Afghanistan” nashri xabar berdi.
“Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, elchi bir necha kundan keyin rasman o‘z ishini boshlashi rejalashtirilgan. Uni muqaddam elchixonada rahbarlik qilgan Mug‘furulloh Shahob va O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi sifatida 12 yillik missiyasini yakunlagan Yodgorxo‘ja Shodmonov kutib olgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Afg‘oniston elchixonasini “Tolibon” diplomatlariga topshirgan edi. O‘shanda “Tolibon” tomonidan Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga elchi etib tayinlangan Mug‘furulloh Shahob oldingi hukumat davrida elchilikka tayinlangan Ahmad Xolid Ilmiyning o‘rnini egallagan. Biroq aprel oyida Mug‘furulloh Shahob o‘rniga Abdul G‘affor Bahr elchi etib tayinlandi. Avgust oyida esa “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vazirligining uchinchi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliy Afg‘onistonning O‘zbekistondagi rasmiy elchisi sifatida Abdulg‘ofar Tiraviy tanishtirilganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 avgust kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘onistonning Qobul shahriga borgani xabar qilingandi. Tashrif doirasida O‘zbekiston hamda “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyati o‘rtasida 5 ta shartnoma imzolandi.
LiveBarchasi