“Tolibon” dunyo hamjamiyatiga chaqiriq bilan chiqdi
Olam
−
30 avgust 2021
32198“Tolibon” vakili Abdul Kahar Balxi jahon hamjamiyatini Afg‘oniston xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olishga va bu mamlakat bilan diplomatik aloqalarni rivojlantirishga chaqirdi. U bu haqda Shveysariyaning “SonntagsBlick” nashriga bergan intervyusida gapirgan.
“Biz iqtisodiy va shaxsiy aloqalarni xohlaymiz. Biz dunyo mamlakatlarini, shu jumladan Shveysariyani, afg‘on xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olishga va Afg‘oniston bilan yaxshi diplomatik, iqtisodiy va insoniy munosabatlarni rivojlantirishga chaqiramiz”, degan Balxi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “Tolibon” hech qanday shart bajarilishi talab qilinmaydigan har qanday gumanitar yordamni ma’qullaydi. Jurnalist bunga javoban, shartlardan biri “Tolibon”ning terrorchi tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishi ekanini aytgan.
“Biz guruhlarga ham, shaxslarga ham Afg‘oniston hududidan boshqa davlatlar xavfsizligiga tahdid qilish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligimizni allaqachon aytganmiz”, degan “Tolibon” vakili.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.
LiveBarchasi