Qobulda yana portlashlar eshitildi – CNN

Olam

image
“Tolibon” oliy rahbari Afg‘onistonga keldi north_east

“Tolibon” oliy rahbari Afg‘onistonga keldi

Bugun, 30 avgust kuni ertalab Afg‘oniston poytaxti Qobulda bir nechta portlash ovozlari eshitildi. Bu haqda CNN guvohlarga asoslanib, ma’lum qildi.  

“Qobulda so‘nggi soatlarda portlashlar eshitildi”, deyilgan xabarda. 

Shu bilan birga, hozircha taxmin qilinayotgan portlashlar haqida batafsil ma’lumot yo‘qligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 avgust kuni AQSH kuchlari uchuvchisiz uchish qurilmasi yordamida Qobulda portlovchi moddalari bo‘lgan mashinani yo‘q qilgandi. Hudkush-avtomobil ISHIDning Afg‘onistondagi shoxobchasi tomonidan terakt uyushtirish uchun tayyorlangani aytildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH qo‘shinlari hujumi natijasida ikkita mashina, shuningdek ko‘p qavatli uy qisman vayron bo‘lgan. Hodisa oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan  "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Qobul portlash

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing