“Tolibon” oliy rahbari Afg‘onistonga keldi

Olam

image

“Tolibon” harakatining oliy rahbari mulla Haybatulla Oxunzoda Afg‘onistonga keldi. Bu haqda “Interfaks” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH va uning ittifoqchilarining kuchlari Afg‘onistonda bo‘lib turgan vaqtda Oxunzoda qo‘shni Pokistonda yashirinib yurgan.

“Oxunzoda to‘rt kundirki Qandahor viloyatida va “Tolibon” yetakchilari bilan Afg‘onistondagi vaziyat hamda bo‘lajak boshqaruv tizimini shakllantirishni muhokama qilmoqda”, deyiladi “Ariana News” xabarida.

Oxunzoda harakat asoschisi mulla Umar va Axtar Mansurlardan keyin tashkilotning eng muhim odami hisoblanadi. 2013 yilda Axtar Mansur mulla Umarning vafotini e’lon qildi va uning vorisi etib tayinlandi. Mansur 2016 yilda Amerika havo zarbasi oqibatida yo‘q qilingan va Haybatulla Oxunzoda toliblar yetakchisi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan  "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

864

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing