“Tolibon” bo‘ysunmas Panjsherga kira olmadi

Olam

image

Afg‘onistonning “Tolibon”ga bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyatida vaziyat barqarorligicha qolmoqda. Toliblar hozircha viloyatga kira olmadi. Bu haqda TASS ma’lum qildi.

“Tolibon Panjsherga ilgari ham, hozir ham kira olmagan. Ularni Panjsher chegarasini kesib o‘tgani haqidagi barcha xabarlar yolg‘on. Viloyatda vaziyat tinch”, degan agentlik suhbatdoshi.

Avvalroq, Afg‘onistonning bir nechta ommaviy axborot vositalari toliblar kechqurun vodiyning shimoli-g‘arbiy kirish qismi orqali Panjsher shahriga borishga muvaffaq bo‘lgani haqida ma’lumot tarqatishgan.

Bundan tashqari, manbaga ko‘ra, toliblar Panjsherdagi qarshilik harakati lideri, bir paytlar “Tolibon”ga qarshi jang qilgan mashhur dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li (1953-2001) Ahmad Mas’ud bilan tinchlik to‘g‘risida kelishuvga erisha olmagan.

“Anas Haqqoniy (“Tolibon”ning siyosiy ofisi a’zosi) tinchlik sulhiga erishish uchun shu yerga keldi, biroq Ahmad Mas’ud toliblar taklifini rad qildi”, degan u.

Avvalroq, "Tolibon" Panjsher viloyatiga yuzlab jangarilarini yuborgani va qamal qilgani haqida xabar berilgandi.

Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat

Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.

Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.

"Tolibon" harakati Panjsher rahbarlariga taslim bo‘lishni taklif qildi. Ammo bu taklif tezda rad etildi. 

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon Panjsher

Baholaganlar

455

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing