“Tolibon” BRICS sammitiga borishni xohlayapti
Olam
−
21 Sentabr
2623Afg‘onistondagi "Tolibon" muvaqqat hukumatida bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar va boshqa rasmiylar oktyabr oyida Rossiyaning Qozon shahrida bo‘ladigan BRICS sammitida ishtirok etishni so‘rab, Moskvaga xat yo‘llagan. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, ariza xati Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovga Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy nomidan yuborilgan bo‘lib, unda amaldagi Afg‘oniston hokimiyatining sammitda ishtirok etishi muhimligi ta’kidlangan.
“Biz sammitda yuqori darajadagi delegatsiya, jumladan Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar hamda boshqalar qatori men ham ishtirok etishdan manfaatdormiz”, deyiladi Aziziyning Ushakovga yo‘llagan maktubida.
Nashrning yozishicha, ariza haqidagi ma’lumotni Afg‘onistondagi Rossiya biznes markazi rahbari Rustam Habibullin ham tasdiqlagan.
“Afg‘oniston hukumati 22-24 oktyabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida mamlakat oliy rahbariyatining ishtiroki uchun yozma ariza topshirdi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, BRICS davlatlararo assotsiatsiya bo‘lib, hozirda to‘qqiz mamlakatni o‘z ichiga oladi. Assotsiatsiya nomi ilk besh a’zo davlatning ingliz tilidagi nomlari birinchi harflaridan tuzilgan.
Bugungi kunda BRICS a’zolari Braziliya, Misr, Hindiston, Eron, Xitoy, BAA, Rossiya, Efiopiya, Janubiy Afrika mamlakatlari hisoblanadi. Assotsiatsiyaning navbatdagi XVI sammiti 20-22 oktyabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy rahbari Si Szinpin, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Soy Son Xi BRICS sammitida qatnashishi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Falastin yetakchisi Mahmud Abbosni ham sammitga taklif qilgani, biroq Abbosning sammitda ishtirok etishi hozircha aniq emasligi xabar qilingandi.
LiveBarchasi