“Tolibon” BMTdan Afg‘onistonda qolishni so‘radi
Olam
−
20 avgust 2021
14990“Tolibon” BMTni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, tashkilotdan mamlakatda qolishini va gumanitar faoliyatni davom ettirishini so‘radi. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi gumanitar koordinatori Ramiz Alakbarov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.
Unga ko‘ra, BMTning Afg‘onistondagi gumanitar vakolatxonasi va “Tolibon” o‘rtasidagi amaliy hamkorlik 18 yildan beri davom etmoqda.
“Biz shuncha payt davomida birga ishladik. Va ular bilan gumanitar faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha aloqalarimiz bor”, deydi BMT vakili.
Alakbarovning ta’kidlashicha, BMT va “Tolibon” o‘rtasida ishchi aloqalar mavjud. Toliblar tashkilotni doimo qo‘llashadi. Ular yana bir bor BMTni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, mamlakatda qolishni va gumanitar yordam ko‘rsatishda davom ettirishni so‘ragan. Biroq, uning ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda idora va “Tolibon” o‘rtasida “yangi kelishuvlar” bo‘lmagan.
“Tabiiyki, o‘zaro hamkorlik rejalari ishlab chiqiladi. Ammo hozircha biz ular bilan ishlab turgan kelishuvlarga yangi qo‘shimchalar kiritilmagan", deydi Alakbarov mamlakatdagi o‘zgaruvchan sharoitni inobatga olib.
Koordinatorning so‘zlariga ko‘ra, toliblar bilan avvalo ayollarning gumanitar sharoitda ishlashini ta’minlash masalasini kelishib olish kerak. Unga ko‘ra, ba’zi joylarda ayollar ish bilan bog‘liq muammolarga duch kelinmoqda. Ammo, bu muammolar qaysi tumanda kim qo‘mondonlik qilishi bilan bog‘liq.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. O‘sha kuni Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Kecha, 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.