“Tolibon” ayollarga hammomga borishni ham taqiqladi

Olam

image

“Tolibon” Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida ayollar hammomi faoliyatini taqiqladi. Bu haqda jurnalistlarga “Tolibon” hukumati qoshidagi ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligining hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sardor Muhammad Haydariy ma’lum qildi. 

Haydariy Afg‘onistonda ayollarning hijob o‘rashlari majburiy ekanligini ta’kidlagan. 

Uning aytishicha, bundan buyon Balx viloyatidagi ayollar hammomlari yopiladi, shu kabi erkaklar muassasalari faoliyati nazoratga olinadi. 

Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar uzoq masofalarga yolg‘iz chiqa olmaydi, taksilarda musiqa tinglash taqiqlanadi, hijobsiz ayollar esa qisqa muddatlarda ham taksidan foydalana olmaydi.  

“Tolibon” 15 avgustda Afg‘onistonni nazorat ostiga oldi, shundan so‘ng muvaqqat Tolibon hukumati turli sohalarda,  xususan,  ayollarga nisbatan ayrim cheklovlar joriy qildi.

Joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

254

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing