“Tolibon” Afg‘oniston xalqiga favqulodda murojaat bilan chiqdi

Olam

image

“Tolibon” harakati mamlakatdagi notinchlik sabab uylarini tark etayotgan Afg‘oniston xalqiga murojaat yo‘llab, o‘zining tinchlik yo‘lidagi maqsadlarini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“Tolibon” otryadlarining tezlik bilan o‘sishi harakatning mashhurligi belgisi hisoblanadi. Agar kimda-kim “Tolibon”ga qarshi kurashgan bo‘lsa, hech narsadan xavfsiramasin. Hamma tinch yashashi mumkin. Biz sizlarning birodarlaringizmiz. Agar kimdir sizga “Tolibon” nomidan hujum qilsa, unga chora ko‘rish uchun zudlik bilan bizning shtabga xabar qiling”, deya agentlik harakat bayonotidan iqtibos keltirgan.

Harakat aholini uylarini tark etmaslikka, hukumat amaldorlarini oilalari bilan mamlakatdan ko‘chib ketmaslikka chaqirgan.

“Tolibon” hukumat qo‘shinlarining harbiy xizmatchilariga amnistiya, xususiy va davlat mulki daxlsizligini va’da qildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “Tolibon” harakati Afg‘onistonning 34 ta viloyatidan 18 tasining markaziy shaharlarini nazorat qilmoqda.

Avvalroq Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashuvi fonida AQSH Qobuldagi elchixonasi diplomatlarini evakuatsiya qilish uchun mamlakatga 3 ming nafar qo‘shin kiritishni boshlagani haqida xabar bergan edik.

Bundan tashqari, OAVda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani yaqin vaqtlar ichida xalqiga murojaat yo‘llab, so‘ng mamlakatni tark etishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

1503

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing