“Tolibon” afg‘on amaldorlariga hujumlarni davom ettirish bilan tahdid qildi

Olam

image

“Tolibon” harakati afg‘on amaldorlariga hujumlarni davom ettiradi. Bu haqda toliblar vakili Zabihulla Mujohid Afg‘oniston Mudofaa vazirining uyiga hujum uyushtiriganidan keyin ma’lum qilgan.

Afg‘oniston Mudofaa vaziri general Bismilla Xon Muhammadiyning uyiga uyushtirilgan hujumda 8 kishi halok bo‘ldi va 20 kishi jarohatlandi. Hujum uchun javobgarlikni “Tolibon” harakati o‘z zimmasiga oldi.

“Bu hudkush hujumi ma’muriyatning asosiy shaxslari va rahbarlariga qarshi javob operatsiyalarining boshlanishi edi”, degan Mujohid Twitter sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, 3 avgust kuni Qobul shahrida Mudofaa vazirining uyi oldida avtomobil portlagan. So‘ng, bir nechta qurolli kishilar vazirning uyiga bostirib kirgan. Hujumda vazir ham, uning oila a’zolari ham jabrlanmagan.

Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

66

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing