“Tolibon” Hirotdagi ayollar kafesini yopdi
Olam
−
25 noyabr
2331Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Hirot shahridagi ayollar kafesining faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda “Hasht-e Subh Daily” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Hirotdagi shtab-kvartirasi kafe yopilganini tasdiqlagan. Manbalarga ko‘ra, “Tolibon” aniq bir sabab ko‘rsatmay, kafeni muhrlab qo‘ygan. O‘zini “Tolibon” deb tanishtirgan guruh agentlari avvalroq kafelarni yopish bilan tahdid qilgan. Ular kafelardagi ayollar hijobga rioya etmasligi, musiqa tinglashda davom etishini da’vo qilgan.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, hozirda Hirot shahrida ayollar uchun faqat beshta kafe faoliyat yuritmoqda. Mazkur yemakxonalar “Tolibon” erkaklar bor joylarga ayollar tashrif buyurishini taqiqlagandan so‘ng ayol tadbirkorlar tomonidan ochilgan.
Ushbu kafelar boshqaruvchilari, “KabulNow” nashriga bergan intervyusida “Tolibon”yaqinda ularning bizneslarini yopish bilan tahdid qilganini tasdiqlagan.
Shuningdek, “Tolibon” rasmiylari bu kafelarda musiqa chalinayotgani, ayollarni noto‘g‘ri hijobda bo‘lishiga va tamaki chekishga ruxsat berilayotganini iddao qilmoqda. Ammo kafe boshqaruvchilari bu ayblovlarni rad etib, ular faqat “Tolibon” tomonidan belgilangan barcha qonun-qoidalarga amal qilinayotganini ta’kidlagan.
Kafe egalari, shuningdek, hukumat rasmiylari shahar markazidagi ayollar uchun yagona yig‘ilish joyi bo‘lgan kafelarni yopish uchun bahona izlayotganini, ayollarni psixologik bosimdan qutulish, qahva ichish yoki o‘qish uchun to‘planishi mumkin bo‘lgan yagona imkoniyatdan mahrum qilmoqchiligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri bu mamlakatda ayollarga ta’lim olish, erkak hamrohligisiz sayohat qilish va jamoat joylarida, ayniqsa erkaklar bilan gaplashish hatto savdolashish ham taqiqlangan. Shuningdek, ularga паркларга tashrif buyurish, suzish yoki sport bilan shug‘ullanish man etiladi. Go‘zallik salonlari ham taqiqlangan. Ayollar paranjilarsiz ko‘chada yura olmaydi. Ammo shu bilan birga, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun bekor qilingan. Bungacha ayollar ko‘pincha ommaviy ravishda kaltaklanardi va g‘ayriislomiy xatti-harakatlar uchun qamoqqa tashlanardi.
LiveBarchasi