Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi mumkin
Olam
−
21 iyun 2021
2657Yaponiya poytaxti Tokioda koronavirus tufayli favqulodda rejim joriy etilsa, Olimpiya o‘yinlari tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Yaponiya Bosh vaziri Yoshihide Suga ma’lum qilgan.
“Favqulodda rejim yuzaga kelsa, Olimpiada tomoshabinlarsiz o‘tishi mumkin. O‘ylaymanki, biz hozirda xavfsizlikka ustuvor ahamiyat beryapmiz”, degan Suga.
Ta’kidlanishicha, bugun, 21 iyundan boshlab Tokio favqulodda rejimni koronavirus tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan choralar rejimiga almashtirgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiyaning 43 foiz aholisi Tokioda Olimpiada o‘tkazilishiga qarshi. Shuningdek, o‘yinlarning bekor qilinishi mamlakat shifokorlari kasaba uyushmasi tomonidan talab qilingan. Mamlakat rasmiylari musobaqa belgilangan muddatda o‘tkazilishini bir necha bor ta’kidlagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada koronavirus pandemiyasi paytida 13 mingdan ortiq odam vafot etgan.
Ma’lumot o‘rnida, Olimpiya o‘yinlari Yaponiya poytaxtida 2020 yil 24 iyuldan 9 avgustgacha o‘tkazilishi kerak edi, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli musobaqalar bir yilga qoldirilgandi. Kasallik tarqalish xavfi tufayli Olimpiada musobaqalarini chet ellik tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qilingan.
LiveBarchasi