Tokio-2020: o‘zbekistonlik sportchilar Paralimpiadaning 4-kunida qanday natija qayd etdi?
Sport
−
28 avgust 2021
9857Bugun, 28 avgust kuni Tokio-2020 Paralimpiadasida o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta medal qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda medallar soni 11 taga yetdi.
Bugunning ilk oltin medalini ayollar o‘rtasida para yengil atletikaning nayza uloqtirish turida (F13 klass) Nozimaxon Qayumova qo‘lga kiritdi. U 42,59 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. Nozimaxon Qayumova Rio-2016 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham oltin medalga sazovor bo‘lgan.
Para yengil atletikaning disk uloqtirish turi bo‘yicha (F57 klass) o‘tkazilgan bahslarda Mohigul Hamdamova Paralimpiya o‘yinlarining chempioni bo‘ldi. U 31,46 metr natija bilan 1-o‘rinni egalladi va terma jamoaga umumiy hisobdagi uchinchi oltin medalni taqdim etdi.
Para yengil atletikaning yadro uloqtirish bahslarida (F12 klass) ishtirok etgan Elbek Sultonov O‘zbekiston hisobiga ikkinchi bronza medalni yozib qo‘ydi.
Uning dastlabki urinishda qayd etgan 15,94 metr natijasi yakunda shohsupaga ko‘tarilishiga zamin yaratdi. Bu Sultonovning shaxsiy rekordi hisoblanadi.
Ro‘za Qo‘ziyeva para pauerlifting bo‘yicha ayollar o‘rtasida 61 kg vazn toifasida ishtirok etib, 130 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirgan holda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekistonlik para dzyudochi Parvina Samandarova delegatsiya hisobiga Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarining kumush medalini taqdim etdi.
57 kg vazn toifasida kurashgan Samandarova finalda ozarbayjonlik Sevda Valiyevaga qarshi bahs olib bordi. Murosasiz kechgan bellashuvda Samandarova vazari bahosi evaziga imkoniyatni boy berdi.
Para dzyudo bahslarida erkaklar o‘rtasida 73 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik sportchi Feruz Saidov finalda qozog‘istonlik Temirjan Dauletga qarshi tatamiga chiqdi va ippon bahosi evaziga g‘alaba qozondi. Ta’kidlab o‘tish kerak, Feruz Saidov Rio-2016 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Bu safar esa unga oltin nasib etdi.
Dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida 63 kg vazn toifasida Nafisa Sheripboyeva bronza medalni qo‘lga kiritdi. U uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda ispaniyalik Marta Archeni ippon bahosi evaziga taslim etdi.
Dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 81 kg vazn toifasida O‘zbekiston vakili Dovurxon Karomatov oltin medal uchun kechgan final bahsida mag‘lubiyatga uchradi. Unga ozarbayjonlik Xuseyn Rahimli raqiblik qildi. “Oltin ochkolar” uchun kechgan bellashuvda Karomatov ippon bahosi bilan imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 avgust kuni “Nippon Budakan” arenasida o‘tayotgan dzyudo bahslarida tatamiga ko‘tarilgan 4 nafar o‘zbekistonlik sportchining barchasi medal qo‘lga kiritdi:
Ushbu natijadan so‘ng, umumjamoa reytingida 12-o‘ringa ko‘tarilib olgan O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 11 taga yetdi: 4 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza.
Eslatib o‘tamiz, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida birinchi oltin medalni para dzyudochi Uchqun Quronboyev olib bergandi. U finalda ispaniyalik Serxio Banon Ibanesga qarshi tatamiga chiqib, “Golden Score”da raqibini mag‘lubiyatga uchratgan.
LiveBarchasi