E’tirofdagi Paralimpiya, “suzib ketgan” pullar va qimor targ‘iboti – Sport dayjesti
Sport
−
15 Sentabr
11580O‘zbekiston qiziq davlat. Bir tomonda jasorat, matonat egalari imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham xarakter ko‘rsatib, dunyo sahnida yurt dovrug‘ini yuksaltirishga urinsa, ikkinchi tomonda ma’lum bir mansabdor mamlakatda sportni rivojlantirishga ajratilgan pullarni soxta buyruqlar bilan o‘zlashtirib, oila a’zolarini Turkiyaga dam olishga jo‘natadi. Yana bir tarafda Olimpiadada mamlakatlararo totuvlikni mustahkamlab, o‘zbek murabbiyi qo‘shni davlat rahbaridan mashina olib tursa, ikkinchi tarafda ma’lum bir tashkilot sportga stavka qildiradigan kompaniyani shahar markazlaridagi ekranlarda reklama qiladi.
O‘zbekiston uchun muhim voqeliklarga boy bo‘lgan yana bir sport haftasi yakunlanmoqda. Oldinda esa o‘zbek sportchisi uchun yana bir sinovli va mashaqqatli start olish arafasida. Chunki kelayotgan haftada O‘zbekiston FIFA tasnifiga kiruvchi yirik musobaqani o‘zida qabul qiladi va o‘sha turnirda ishtirok etuvchi sportchilarga, ya’ni futzalchilarga ham alohida ishonch bildirilgan.
Otabek Umarov OOK vitse-prezidentligiga saylandi
Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida Osiyo Olimpiya kengashining 44-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi va unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘oniston a’zo bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.
Shuningdek, assambleya kun tartibiga muvofiq tashkilotning boshqa rahbarlik lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Tashkilotning muvaqqat rahbari bo‘lgan Raja Randhir Singx prezident etib saylandi.
Tadbirda Otabek Umarov qit’a sporti jahonda yanada katta e’tirofga sazovor bo‘layotgani, buning isboti o‘laroq Parij-2024 yozgi Olimpiada o‘yinlarida Osiyoning 4 davlati top-15 talikdan joy olgani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning sportni qo‘llab-quvvatlashlari bilan O‘zbekiston o‘z tarixida eng yaxshi natijani qo‘lga kiritganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilishga va’da berdi.
Ma’lumot uchun, bungacha Otabek Umarov “Toshkent-2025” yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha vitse-prezident bo‘lgan. Agar bu vaqtinchalik lavozim musobaqa oxirigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident lavozimi doimiy xarakterga ega bo‘ladi. Endi Umarov qit’aning beshta mintaqasidan birida Olimpiya sportini rivojlantirish uchun javob beradi.
13 raqami ko‘pchilikka yoqmas, lekin O‘zbekistonga juda yoqyapti – Abdulla Aripov
Kecha, 9 sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportida Parij-2024 Paralimpiadasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik parasportchilarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqib, erishilgan natijalar bilan barchani tabrikladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, uch karra Paralimpiada chempioni, bayroqdor Husniddin Norbekov Bosh vazirga mamlakat bayrog‘ini topshirdi.
“13 avgust kuni O‘zbekiston bayrog‘ini paralimpiyachilarimizga topshirib, Parijdagi bahslarda omad tilagandik. Parasportchilarimiz 189 ta davlat vakillari ichida 13-o‘rinni egallab, yorug‘ yuz bilan yurtimizga qaytdi. Olimpiadada 13-o‘rin, Paralimpiadada 13-o‘rin egallandi. 13 raqami ko‘pchilikka yoqmas, lekin O‘zbekistonga juda yoqyapti”, deydi bosh vazir.
Marosimda Aripov O‘zbekiston bayrog‘ini Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitasi rahbarlariga topshirib, 2028 yil AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tadigan bahslarda natijalar yanada yaxshilanishidan umidvorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston paralimpiyachilari Parijda o‘tgan bahslarda o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Bahslar davomida 65 nafar parasportchi 10 ta oltin, 7 ta kumush va 9 ta bronza, jami 26 ta medal to‘pladi.
“Sehrli 13”. O‘zbekistonga omadli kelgan raqam bo‘yicha faktlar
Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII Olimpiada va XVII Paralimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 13 raqami bilan bog‘liq bir qator ko‘rsatkichlar qayd etdi.
Jumladan, ham Olimpiya, ham Paralimpiya delegatsiyasi bahslarda umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladi. Olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilar jami 13 ta medal to‘pladi.
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida medal qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik ayol sportchilar soni 13 nafarni tashkil etdi. Paralimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan erkak sportchilar soni ham 13 nafar bo‘ldi.
Toshkent, Andijon va Buxoroda jamoat transportlari bepul bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 28 maydagi 195-sonli “2024 yilgi Futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq 14 sentyabrdan 6 oktyabrga qadar Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadigan futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionati muxlislari uchun jamoat transporti bepul bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Jahon chempionati uchun akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar, mundial o‘yinlariga chiptalari mavjud bo‘lgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yo‘l chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy etiladi.
Jumladan, jahon chempionatiga akkreditatsiyadan o‘tgan va o‘yinlarga chipta sotib olgan fuqarolar shahar jamoat transportidan bepul foydalanishlari mumkin. Buning uchun ular akkreditatsiya kartalari yoki chiptalarni taqdim etishi kerak.
Shuningdek, 10 sentyabrdan 10 oktyabrga qadar “Toshkent – Buxoro”, “Toshkent – Andijon – Toshkent”, “Andijon – Buxoro – Xiva – Andijon”, “Andijon – Buxoro – Qo‘ng‘irot – Andijon” va “Andijon – Termiz – Andijon” yo‘nalishlarida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlarga qo‘shimcha 4 tadan yo‘lovchi vagonlari ulanadi.
Suzish federatsiyasi mansabdori davlat pulidan yaqinlarini Turkiyaga dam olishga jo‘natdi
O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida federatsiya Bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari bo‘lgan N.G., M.G va boshqa jami 15 nafar fuqarolarni Turkiya davlatiga dam olishga yuborilib, 405 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, amalda o‘tilmagan o‘quv/mashg‘ulot yig‘inlar uchun soxta buyruqlar asosida 458 mln so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilgan.
Bundan tashqari, federatsiyaga xalqaro musobaqa va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun homiylar tomonidan ajratilgan 1,2 mlrd so‘m mablag‘lar maqsadsiz sarflanib, talon-toroj qilingan.
Toshkentda onlayn qimorni reklama qilgan tashkilot jazolandi
Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Hamkor reklama servis” MCHJ tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali bukmekerlik reklama tovar belgisi ko‘rsatilgan holatlar aniqlanib, chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Holat yuzasidan maxsus komissiya tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan “Hamkor reklama servis“ MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qo‘mita vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibning maksimal miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilib, to‘plangan hujjatlar javobgarlik masalalarini ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
LiveBarchasi