Tokio-2020: o‘zbekistonlik erkin kurashchilar o‘z yurishlarini yakunladi
Sport
−
04 avgust 2021
3865Erkin kurash bo‘yicha -86 kg vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Javrail Shapiyev ilk bosqichdayoq imkoniyatni boy berdi.
Uning raqibi Rio-2016 Olimpiadasi va ikki karra Jahon chempioni eronlik Hasan Yazdani bo‘ldi. Shapiyev tajribali raqibga qarshi munosib kurashdi. Biroq Yazdani yakunda g‘alaba qozonib, keyingi davraga yo‘l oldi. Endi eronlik kurashchi finalga yetib borgan taqdirda Shapiyev bronza medali uchun imkoniyatni saqlab qoladi.
-57 kg vazn toifasida G‘ulomjon Abdullayev Tokio-2020 Olimpiadasining chorak finalida imkoniyatni boy berdi. Unga mazkur bosqichda so‘nggi 2 Jahon chempionatining g‘olibi rossiyalik Zaur Uguyev raqiblik qildi.
Bahs yakunlanishiga bir necha soniya qolganida rossiyalik polvon hisobni tenglashtirib, so‘nggi ballni qo‘lga kiritgani evaziga g‘alabani ilib ketdi. Endi Uguyev finalga qadar yetib borsa Abdullayev bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
G‘ulomjon Abdullayev ilk bosqichda o‘zbek erkin kurashchilarining Tokio-2020 Olimpiadasidagi g‘alabasini boshlab berdi. Xorazmlik sportchi xitoylik raqibini katta ustunlik bilan dog‘da qoldirib, chorak finalga yo‘l olgan edi.
Ma’lumot uchun, Abdullayev ushbu kurashchi bilan Osiyo mintaqasi uchun o‘tgan litsenzion musobaqaning finalida kurashgan va unda ham o‘z g‘alaba qozongan edi.
LiveBarchasi