Tog‘li Qorabog‘dagi sulh bir oy o‘tib buzildi. Baku va Yerevan bir-birini ayblayapti

Olam

image

Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘da hujumga o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Mudofaa idorasi bayonotiga ko‘ra, hujum Eski Tog‘lar va Xsaberd aholi punktlari yo‘nalishida boshlangan. Vazirlik arman harbiylari hujumni qaytarish uchun tegishli choralarni ko‘rayotganini ta’kidlagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi sulh tuzilgandan beri ilk bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilganini tasdiqlagan. Ammo hodisa tafsilotlarini ma’lum qilmagan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev sulhning buzilishi Armaniston tomonining provokatsiyasidan so‘ng yuz berganini ma’lum qildi. Mamlakat Mudofaa vazirligi provokatsiyaga munosib chora ko‘rilganini va hozirda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi qayta tiklanganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida faol qurolli to‘qnashuvlardan boshlanganda rasmiy Toshkent holatga munosabat bildirib, tomonlarni murosaga chaqirgandi. Ushbu masalani YeXHTning Minsk guruhi doirasida hal etilishi kerakligini aytgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Tog'li Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

222

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing