Tog‘li Qorabog‘ mojarosi yakuniga yetyapti – Aliyev xalqiga murojaat qildi

Olam

image

Kecha, 9 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha imzolangan bayonot tarixiy darajada muhim hujjat. Bu haqda Ilhom Aliyev xalqiga yo‘llagan murojaatida aytib o‘tdi.

“Bugun mamlakatimiz uchun tarixiy kun. Bugun Tog‘li Qorabog‘ mojarosi yakuniga yetyapti. O‘ylashimcha,imzolangan uch tomonlama bayonot muammoni yechishdagi so‘nggi punkt bo‘ladi”, degan Aliyev.

Aliyev qo‘shma bayonot videokonferensaloqa shaklida berilganini va uch davlat rahbarlari birinchi bosqichda bayonotni shu videoanjumanda imzolashi kerakligini, ammo so‘nggi daqiqada Pashinyan bundan voz kechganini ma’lum qildi.

“Buni tushunsa bo‘ladi. Negaki, bu bayonot Armanistonning harbiy kapitulyatsiyasini anglatadi. Shu sababdan bu bayonotni biz Rossiya Prezidenti bilan videokonferensiya shaklida imzoladik. Bayonot rus tilida tayyorlangan. Bu yerda mening imzoyim bor, hujjat Rossiya elchisiga berildi va uni Rossiya davlat rahbari hamda Armaniston Hukumati rahbari ham imzolaydi”, degan Aliyev.

Bayonotda keltirilishicha, 2020 yil 20 noyabrgacha Qorabog‘dagi Agdam tumani Ozarbayjonga qaytariladi.

Shuningdek, Rossiyaning 1960 nafar harbiy, 90 nafar zirhli transport, 380 ta avtomobil va maxsus texnikadan iborat tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘ga, qarama-qarshilik nuqtasiga joylashtiriladi.

Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari Armaniston kuchlari chiqarilishi bilan joylashtiriladi. RFning tinchlikparvar kuchlari 5 yil davomida hududda bo‘ladi va muddat tugashidan 6 oy avval agarda tomonlar mavjud tartibga norozilik bildirmasa, yana 5 yilga uzaytiriladi.

Mojaro ishtirokchilari tomonidan kelishuvlarga rioya etilishini nazorat qilish samaradorligini oshirish maqsadida sulhni nazorat qilish uchun tinchlikni saqlash markazi tashkil qilinadi.

Armaniston Kelbajar tumanini 15 noyabrgacha, Lochin tumanini 1 dekabrgacha Ozarbayjonga qaytaradi. Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi 5 kilometr kenglikdagi yo‘lak Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazoratida bo‘ladi. Bu yo‘lak Shusha shahri hududidan o‘tmaydi.

3 yil ichida Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yangi yo‘lak quriladi. Ozarbayjon Lochin koridori bo‘yicha har ikki tomon fuqarolarining transportda erkin harakatlanishini ta’minlaydi.

O‘z navbatida Armaniston Mudofaa vazirligi va Bosh shtabi ushbu bayonnoma shartlariga rioya qilishini ma’lum qildi. Prezident Armen Sarkisyan bu masala konsensus asosida hal etilishi kerakligini va Pashinyanning qaroridan OAV orqali xabar topganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 10 noyabr soat 00:00 dan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish va harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi. Harbiy harakatlar 27 sentyabr kuni boshlangandi. To‘qnashuvlarning boshlanishida rasmiy Baku va Yerevan bir-birini ayblagan.

Mintaqada urush yakunlangach, qochqinlar BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi vositachiligida Tog‘li Qorabog‘ga qaytariladi.

Ma’lumot uchun, Armaniston Bosh vazirining ushbu bayonot imzolangani haqidagi xabaridan keyin Yerevanda norozilik namoyishi boshlandi. Odamlar Hukumat va parlament binosiga bostirib kirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

201

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing