Tizimni g‘arazli niyatdagi shaxslardan tozalash diqqatimiz markazida bo‘ladi – Po‘lat Bobojonov
Jamiyat
−
15 Sentabr 2023
10542O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov aholiga murojaat bilan chiqdi. Murojaat matni “Yangi O‘zbekiston”da chop etildi.
“Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Inson qadri ulug‘lanayotgan ana shunday tarixiy sharoitda qishloq, ovul va mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida barchamizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifalar yanada ortib bormoqda”, deya so‘z boshlagan Ichki ishlar vaziri.
Bobojonovga ko‘ra, ichki ishlar organlarini tubdan isloh qilish jarayonlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish, ijtimoiy xavfli qilmishlarni fosh etish va barvaqt oldini olish borasidagi yondashuvlar tubdan o‘zgartirilgan.
“Jinoyatchilikni yangicha uslubda tahlil etish, xodimlar ish samaradorligini ularning xizmat vazifasini qay darajada sifatli va malakali bajarishiga qarab baholash mexanizmi joriy etilgani ish sifati va mazmunini tubdan yaxshilash imkonini bermoqda. Bugungi kunda ichki ishlar tizimidagi har bir rahbar va xodimning kundalik xizmat faoliyatida raqam va foizlar ortidan quvish emas, balki fuqarolarning haq-huquqlarini amalda himoya qilish birinchi galdagi vazifaga aylanmoqda”, deyiladi murojaatda.
General-leytenant, shuningdek, joriy yilning 28 iyul kuni Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligi hay’atining Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida tizimdagi ishlar chuqur tahlil qilinib, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar aniq ko‘rsatib berilganini qayd etgan.
“Achchiq bo‘lsa ham tan olish kerak: to‘qqiz yarim mingga yaqin mahallaning 1,5 mingdan ziyodida kriminogen vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, mahalladagi jinoyatchilikning ildizi ko‘pincha ijtimoiy muammolarga borib taqalmoqda. Shuning uchun huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “ijtimoiy profilaktika” tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali profilaktika inspektori, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faolidan iborat “mahalla beshligi” hamkorligi yanada kuchaytiriladi”, deydi Po‘lat Bobojonov.
Shu bilan birga, Bobojonov tizimda ma’naviy-axloqiy masalalarga e’tibor tubdan o‘zgarishini qayd etgan. Ichki ishlar organlari xodimlari har kuni minglab fuqaro bilan muloqotga kirishishi hamda bu jarayonda ularning xushmuomala bo‘lishi, fuqarolar muammolariga qonuniy yechim topishi aholi, umuman, jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyatga juda katta ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.
“Bundan buyon ham kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo‘yish hamda tizimni nopok, g‘arazli niyatdagi, o‘z manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan shaxslardan tozalash ishlari diqqatimiz markazida bo‘ladi”, deydi IIV rahbari.