“Nogironlik – 300 dollar”. Fuqaro Shahnoza Mirziyoyevaga murojaat bilan chiqdi (video)

Jamiyat

image

Nogiron qizi va unga qarovchi sifatida turmush o‘rtog‘iga nogironlik holatini tasdiqlovchi ma’lumotnoma olish uchun korrupsiyaviy holatga duch kelgan fuqaro Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga murojaat yo‘lladi. Bu haqdagi videoni u o‘zining Instagram sahifasida e’lon qldi.

“Men teatr va kino aktyori Musulmon Yunusov, Sergeli tumanida istiqomat qilaman. Ijtimoiy tarmoqda ko‘pchilik bizni kuzatishadi, bilishadi. Mening onam birinchi guruh nogironi va qizim ham nogiron. Qizimga ikki yil oldin nogironlikka topshirgandik va u nogironlik chiqarib bergandi, qarovchisi – onasi bilan birgalikda. Onam ham xuddi shunday. Ikki yildan keyin yana qaytadan nogironlikka topshirishimiz kerak. Bu galgisi 18 yoshgacha ketadi. Biz may oyining oxiridan, iyundan onasi bilan ikkalamiz – ayolim bilan birgalikda har bitta doktorga tinmasdan qatnadik. Mana har bitta dokument, har bitta qog‘oz, mana shu paytgacha davolanyapti. Har bittasiga erinmasdan bordik, issiqda navbatda turdik. Men aktyorman, joy ber, bunaqa narsalar bo‘lmadi. Har bitta odam turdi navbatda, biz ham turib, o‘tdik va oxirgi bosqichimiz Sergeli VTEKga yetib keldi. Hujjatlarni topshirdik, hujjatlarni ko‘rishdi va ikki-uch kundan keyin sizga qo‘ng‘iroq qilamiz yoki SMS boradi deyishdi”, deydi fuqaro.

Shundan so‘ng, u nogironlikni tasdiqlovchi hujjatni olish uchun hamshira ulardan pul so‘raganini aytgan va bundan noroziligini bildirgan.

“Men nimadan noroziman? Men shundan norozimanki, ketganimizdan keyin, ikki kundan keyin 71-poliklinikadan – bizning hamshiramizdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ayolimga qo‘ng‘iroq qilib, “oldingizda hech kim yo‘qmi, telefoningiz baland ovozda emasmi, yozib olinmayaptimi?” deb so‘radi. Ayolim yo‘q-yo‘q, hech kim eshitmayapti, labbay, eshitaman, deb aytayapti. Xullas kalom, 18 yoshgacha nogironlikka chiqaramiz, sizni ham – onasini qo‘shamiz yoniga, faqat xizmati bor. Qanaqa xizmat? 300 dollar pul bo‘ladi”, deya hamshiraning so‘zlarini keltirgan fuqaro.

Shuningdek, u “nogiron bolaning orqasidan pul yeydigan insonlar” hali ham o‘z lavozimida o‘tirganidan norozi ekanini bildirgan.

“Men-ku mayli, san’atkorman, harakat qilamiz, ko‘proq ishlarmiz, o‘sha pulni mayli, men toparman. Buni eshitganimda birinchidan qizishib ketdim. Nogiron bolaning orqasidan pul yeydigan insonlar hali ham o‘z lavozimida, o‘z ishida o‘tirishi to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi? Prezidentimiz qilayotgan ishlarga mana shu narsa to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi? Asabiylashib ketdim, juda asabiylashdim va qo‘ng‘iroq qildim.

Assalomu alaykum, bunaqa narsani ayolimga aytmang, menga ayting, men bilan hal qiling bunaqa masalani, dedim va birozdan keyin yo‘qolib qoldi. Nimaga? Chunki bildi mening san’atkorligimni. Shu bilan telefonga javob bermadi. Shu bilan bir kunmi, ikki kundan keyin javob chiqdi. Qizimning o‘ziga nogironlik chiqdi, onasini qo‘shib bermadi. Ya’niki, demak, qizim o‘zi ovqatlana oladi, o‘zi yura oladi, o‘zi hojatga chiqib kela oladi. Vaholanki, o‘shanaqa bo‘lganda, o‘zi hammasini mustaqil qilayotganda, bizga nogironlik kerak emas-da.

Menga alam qilayotgani, agar biz 300 dollar pulni berganimizda, demak, onasini 18 yoshgacha qo‘shardi qarovchi qilib. Arzimagan bir summa, gap summada emas. Men-ku u pulni toparman, lekin topa olmaydigan, hatto davolanishiga, bolalariga, davolanishiga bir so‘m topa olmaydigan ota-onalar bor. Chunki har kuni o‘shanaqa ota-onalar bilan ko‘rishamiz, har kuni davolanishda ko‘rishamiz. Bugungi davolanish pulini topdik, ertaga nima qilamiz deydigan ota-onalar bor. Ular nima qiladi? Shahnoza Mirziyoyeva, sizdan iltimos qilib qolamiz, o‘zingiz shaxsan bosh bo‘lib shug‘ullanishingizni sizdan iltimos qilamiz. Bunaqalar juda ham ko‘payib ketyapti. Nogiron bolalarning ustidan pul yeydigan insonlarni, menimcha, o‘z lavozimidan ozod qilish kerak”, deydi u.

Shuningdek, fuqaro yuqoridagi masala yuzasidan Sergeli tumanidagi ijtimoiy himoya bo‘limiga murojaat qilganini bildirgan.

“Biz Sergeli tumanidagi ijtimoiy himoyaga bordik, u yerdagi xodimlar bilan gaplashdik, yuristlar bilan gaplashdik. Mana shunaqa narsa bo‘ldi, ya’ni o‘sha VTEKdagi xodim mana shunaqa ish qilishdi, dedik. Qanaqadir bir narsani sezdim, ular hech narsa hal qilib berisha olmadi. Chapga yugurishdi, o‘ngga yugurishdi, yana qaytib kelishdi, hech narsa hal bo‘lmadi. Shunaqa narsa menga paydo bo‘ldiki, qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi. Bularga nima qilay endi men? Bu masalani hal qilish kerak, desam, mayli, xohlasangiz “videovizov” qilavering, deyishdi. Bo‘ldi, oldilaridan o‘tdim va “videovizov” qilyapman. Iltimos qilib qolardim, Shahnoza Mirziyoyeva, shu masalani o‘zingiz shaxsan tekshirishingizni va tagiga yetishingizni, bunaqa nogiron insondan, nogironligi bor xonadonlardan pul olish qanchalik to‘g‘ri?” deya savol qo‘ygan fuqaro.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 fevralda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 62-sonli qaroriga asosan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Nogironlikni belgilash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va tegishli ma’lumotnomani/tibbiy xulosani rasmiylashtirish uchun davlat tomonidan hech qanday boj, to‘lov yoki yig‘im undirilmaydi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing