Aviareyslar bo‘yicha shikoyatlar keskin ko‘paydi. Raqobat qo‘mitasi o‘rganish boshladi
Jamiyat
−
11 sentabr 1033 2 daqiqa
O‘zbekistonda havo transporti xizmatlari bo‘yicha iste’molchilar murojaatlari 2026 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 barobarga ko‘payib, 300 dan ortiqni tashkil etdi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi aviareyslar kechikkanda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi holatlarini o‘rganmoqda.
Qo‘mitaga kelgan murojaatlarda:
- reyslarning bir necha soatga kechikishi;
- yo‘lovchilarga o‘z vaqtida aniq axborot berilmasligi;
- sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi;
- ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishi kabi holatlar qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, ayrim hollarda tashuvchining aybi bilan kechikkan reyslar bo‘yicha yo‘lovchilarga kompensatsiya yoki muqobil yechim taklif etilmagan. Bu esa fuqarolarning vaqti, mablag‘i va rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qo‘mita mahalliy aviareyslar tashuvchining aybi bilan kechikkanda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi hamda iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi holatlarini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.
Yuqoridagilarga ko‘ra, aviakompaniyalardan raqamli platformalaridagi axborotlarni to‘liq taqdim etish va qonunchilikka muvofiqlashtirishlarini, fuqarolardan esa ushbu sohadagi o‘z taklif va e’tirozlari yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga murojaat etishlarini so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Istanbul-Toshkent yo‘nalishidagi HY272 reysi kechikib, yo‘lovchilar 16 soat aeroportda qolib ketgani haqida xabar berilgan edi. Undan oldinroq ham ijtimoiy tarmoqlarda Centrum Air aviakompaniyasiga nisbatan e’tirozli murojaatlar e’lon qilingan edi. Xususan, aktrisa Bahora Arslonova ushbu kompaniyadan chipta olib, manziliga ucha olmaganini aytib chiqqandi.
Live
Barchasi