Toshkentning ayrim tumanlarida issiq suv sifati yomonlashdi
Jamiyat
−
12:01 675 1 daqiqa
Toshkentning Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida aholi issiq suvdan begona kimyoviy hid kelayotgani va uning sifati yuzasidan shikoyat qilmoqda. Holat bo‘yicha suv namunalari olinib, laboratoriya tekshiruvlari boshlandi. Bu haqda “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kompaniya mutaxassislari issiq suv sifati bo‘yicha murojaatlar kelib tushgach, zudlik bilan joylarga chiqib, suv namunalarini olgan. Namunalar kimyoviy-bakteriologik hamda organoleptik tahlillardan o‘tkaziladi. Tekshiruv natijalari yakunlangach, ular e’lon qilinishi bildirilgan.
Kompaniya izohiga ko‘ra, “Veolia Energy Tashkent” issiqlik energiyasi va issiq suvni turar joy binolarining podval qismigacha yetkazib berish va taqsimlash bilan shug‘ullanadi. Mazkur tumanlarga tarmoq suvi esa tashqi yetkazib beruvchi – “Toshkent Issiqlik Elektr Markazi” AJ tomonidan uzatiladi.
Shuningdek, suv sifati bilan bog‘liq ma’lumotlar yetkazib beruvchi korxonaga yuborilgan. Bu orqali texnologik jarayonni me’yorlashtirish va magistral tarmoqlarni yuvish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish rejalashtirilgan.
Bildirilishicha, vaziyat nazoratda va suv ta’minoti sifatini tez fursatda me’yorga keltirish uchun yetkazib beruvchi bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rilmoqda. Hozircha laboratoriya tahlillari natijalari e’lon qilinmagan.
Live
Barchasi