Ukraina tinchlikni istaydi, ammo taslim bo‘lmaydi – Zelenskiy
Olam
−
15:30 1038 2 daqiqa
Bugun, 24 avgust kuni Ukraina Mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan xalqqa murojaat qilgan Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina tinchlikni istashini, biroq buning uchun har qanday shartga rozi bo‘lmasligini bildirdi. Bu haqda u Kiyevdagi Avliyo Mixail monastiri oldida qilgan videomurojaatida so‘z ochdi.
“Ukraina mutlaqo tinchlikni istaydi, ammo shunchaki taslim bo‘lishga tayyor emas”, degan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina nazoratida qolayotgan Donbass hududlarini topshirish talabi urushni to‘xtatish uchun yetarli emas. Zelenskiy Rossiya Donbassni berish evaziga urush tez orada tugashi haqidagi tasavvurni Yevropa va butun dunyoga singdirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini aytgan.
“Biz ularga tashabbusni qo‘lga olishiga, Yevropa va butun dunyoni shunchaki Donbassni berishimiz kerak, shundan keyin hammasi tez orada tugaydi, degan fikrga ishontirishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan u.
Zelenskiy Rossiyaning 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri yuz minglab odamlar halok bo‘lganini, Ukraina hududlarining katta qismi esa vayron bo‘lganini qayd etgan.
Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining frontdagi yurishi joriy yilda sekinlashgan. Ukraina esa mamlakat janubi-sharqidagi ayrim hududlarni qaytarib olgan. Shu bilan birga, Rossiya kuchlari Donetsk viloyatidagi strategik ahamiyatga ega Konstantinovka shahri uchun xavf tug‘dirmoqda.
Zelenskiy Rossiya front chizig‘idan uzoqda joylashgan Ukraina shaharlariga havo hujumlarini ham kuchaytirganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bunga Ukrainaning ballistik raketalarga qarshi mudofaa vositalaridagi jiddiy tanqisligi ham sabab bo‘lmoqda.
Ukraina Prezidenti mamlakatni qo‘llab-quvvatlayotgan ittifoqchilarni urushni to‘xtatish uchun Kiyevga zarur bo‘lgan barcha yordamni berishga chaqirgan. Shuningdek, u Rossiyani muzokara stoliga qaytarish va Moskvaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Zelenskiy AQSHning Rossiyaga nisbatan mavjud “qarama-qarshilik va xavotirlari” yo‘qolishiga umid bildirgan. Shuningdek, u Xitoyni urush masalasida sukut saqlamaslikka chaqirgan.
Bugun, 24 avgust kuni Ukraina Mustaqilligi kuni munosabati bilan Kiyevga bir qator xorijiy davlatlar rahbarlari va yuqori martabali amaldorlar ham tashrif buyurgan. Ular orasida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem, Yevropa Kengashi Prezidenti Antonio Kosta, Lyuksemburg Bosh vaziri Lyuk Friden, Moldova Prezidenti Mayya Sandu va Estoniya Prezidenti Alar Karis bor.
Shuningdek, bugun Kiyevda Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan iborat “Istovchilar koalitsiyasi” vakillarining uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem lavozimiga kirishganidan keyingi ilk xorijiy tashrifi doirasida Ukrainaga borishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi