Tixanovskaya kuch ishlatar tuzilmalarni xalq tarafiga o‘tishga chaqirdi
Olam
−
20 Oktabr 2020
5355
Belarus Prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya mamlakat kuch ishlatar tuzilmalari xodimlarini 25 oktyabrgacha "xalq tarafiga o‘tishga" chaqirgan.
"Xalq ultimatumi – bu sizga belaruslar tarafida turish uchun imkoniyat. Agarda jinoiy buyruqlarni bajarishga rozi bo‘lmasangiz - bajarmang", deyilgan Tixanovskayaning Telegram kanalidagi murojaatida.
U "javobgarlik shaxsan jinoyat sodir etganlar zimmasida bo‘lishi"ga va’da bergan.
Tixanovskaya "yangi Belarusga" kuch ishlatar tuzilmalari tizimi kerakligini aytib, ularning xodimlariga muxolifat bilan aloqaga chiqishni taklif qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkazilgan 9 avgustdan keyin bir qator namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ularda saylovni qayta o‘tkazish talab qilindi. Belarus Prezidenti esa qayta saylov o‘tkazish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish kerakligini aytyapti.
Lukashenkoning saylovdagi asosiy raqibi Tixanovskaya esa saylovdan bir necha kun o‘tgach, Litvaga ketishga majbur bo‘lgan.
13 oktyabr kuni Tixanovskaya mamlakat Hukumati muxolifat talabini bajarmasa 13 kundan keyin barcha korxonalarda ish tashlash boshlanishini aytib, ultimatum qo‘ygandi.
LiveBarchasi