Tixanovskaya NATO sammitida ishtirok etadi

Olam

image

Belarus demokratik kuchlari yetakchisi Svetlana Tixanovskaya 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitining rasmiy dasturida ishtirok etadi. Bu haqda “Belsat” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tixanovskaya NATO mamlakatlari mudofaa va tashqi ishlar vazirlari ayollari bilan birgalikdagi nonushtada ishtirok etadi. Oliy darajadagi uchrashuv sammitning rasmiy dasturiga kiradi va ertaga, 12 iyul kuni ertalab bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, Tixanovskaya kecha, 10 iyul kuni NATO sammitiga kelgan AQSH senatorlari delegatsiyasini qabul qilgan. Demokratik kuchlar yetakchisi AQSH Senatidagi Belarusni qo‘llab-quvvatlash guruhi raisi Jin Shahin, shuningdek, Richard Durbin, Tom Tillis, Pit Riketts, Den Sallivan va Angus King bilan uchrashgan.

Tomonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Belarus mustaqilligini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligini muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil 9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan, Lukashenko oltinchi bor g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda muxolifatning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Muxolifat Tixanovskayani prezidentlik saylovlarida g‘olib deb hisoblagan. Biroq unga qarshi qator jinoiy ishlar ochilgan va u terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Joriy yilning mart oyida esa Minsk shahar sudi Svetlana Tixanovskayani sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Tergov unga bir vaqtning o‘zida o‘nta ayblov qo‘ydi: unvon va hokimiyatni ruxsatsiz tortib olish, milliy xavfsizlikka qarshi harakatlarda xorijiy davlatga yordam berish, hokimiyatni egallab olish uchun fitna uyushtirish, nafrat uyg‘otish, ekstremistik tuzilma yaratish, MSK ishiga to‘sqinlik qilish va boshqalar.

Eslatib o‘tamiz, bugundan Vilnyusda NATO sammiti boshlandi va bu 12 iyulda ham davom etadi. Undagi asosiy mavzu Ukraina va Shvetsiyani NATO alyansiga qo‘shish bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Tixanovskaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing