“Bu Lukashenkoning qasosi”. Minskda Tixanovskaya ustidan sud boshlandi
Olam
−
17 yanvar 2023
8958Bugun, 17 yanvar kuni Minsk shahar sudida Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Tixanovskaya bilan birga muxolifatchilar Pavel Latushko, Mariya Moroz, Olga Kovalkova va Sergey Dilevskiy ayblanuvchi sifatida sudga chaqirilgan.
Barcha sudlanuvchilar davlat hokimiyatini konstitutsiyaga xilof tarzda egallab olish maqsadida fitna uyushtirish, ekstremistik guruh tuzish va bunday tuzilmaga rahbarlik qilish, davlat xavfsizligiga zarar yetkazishga qaratilgan harakatlarda ayblangan. Bulardan tashqari, sudlanuvchilarga yana bir nechta moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Tixanovskaya qo‘shimcha ravishda davlatga xiyonat qilish, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rish, bino va inshootlarni egallab olish, Markaziy saylov komissiyasi ishiga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda.
Barcha sudlanuvchilarga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Svetlana Tixanovskaya o‘zining sirtdan sudlanishini Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning qasosi deb atagan.
“Bu sud jarayonlari umuman sud emas, bu shou va buning adolatga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu Lukashenko va uning yordamchilarining nafaqat menga, balki unga qarshi chiqqan boshqa odamlarga nisbatan shaxsiy qasosi”, deydi u.
Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, unga sud hujjatlari bilan tanishishga ruxsat berilmagan.
“Bu sud jarayoni qancha davom etishini bilmayman, lekin ishonchim komilki, meni ko‘p yillik qamoq jazosiga mahkum etishadi”, deydi Svetlana Tixanovskaya.
Ma’lumot uchun, 2020 yil 9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan, Lukashenko oltinchi bor g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda muxolifatning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Muxolifat Tixanovskayani prezidentlik saylovlarida g‘olib deb hisobladi. Tixanovskaya qator jinoiy ishlar bo‘yicha ayblanuvchi bo‘lib, terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr