Belarus muxolifati Ukraina g‘alaba qilishini xohlaydi
Olam
−
25 aprel 2023
6624Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya mamlakatda ko‘pchilik Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgani, yuzlab belaruslik ko‘ngillilar Ukraina tomonida jang qilayotganini aytdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Kecha, 24 aprel kuni Berlindagi Naumann fondida bo‘lib o‘tgan “Ozodlikni muhokama qilish” yillik tadbirida ishtirok etgan Tixanovskaya Belarusning erkinligi Ukrainaning Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishining zaruriy sharti ekanini aytgan.
“Erkin Ukrainasiz erkin Belarus bo‘lmaydi va erkin Belarussiz esa xavfsiz Ukraina bo‘lmaydi”, degan Tixanovskaya.
Shuningdek, u Ukraina tomonida yuzlab belaruslik ko‘ngillilar jang qilayotganidan faxrlanishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning rasmiy ittifoqchisi hisoblangan qo‘shni davlatdan kamida 18 nafar ko‘ngilli Ukrainani himoya qilishda halok bo‘lgan.
Bundan tashqari, muxolifat yetakchisi birgina 2022 yilda Belarus temir yo‘l partizanlari rus qo‘shinlarini to‘xtatish uchun 80 ta qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning urushini qo‘llab-quvvatlovchi Aleksandr Lukashenko rejimi va ukrainaliklar bilan birgalikda “jangari imperiyani” daf etayotgan belarus xalqini farqlash muhim.
Ma’lumot uchun, 2020 yil 9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan, Lukashenko oltinchi bor g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda muxolifatning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Muxolifat Tixanovskayani prezidentlik saylovlarida g‘olib deb hisoblagan. Biroq unga qarshi qator jinoiy ishlar ochilgan va u terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Joriy yilning mart oyida esa Minsk shahar sudi Svetlana Tixanovskayani sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Tergov unga bir vaqtning o‘zida o‘nta ayblov qo‘ydi: unvon va hokimiyatni ruxsatsiz tortib olish, milliy xavfsizlikka qarshi harakatlarda xorijiy davlatga yordam berish, hokimiyatni egallab olish uchun fitna uyushtirish, nafrat uyg‘otish, ekstremistik tuzilma yaratish, MSK ishiga to‘sqinlik qilish va boshqalar.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr