Shvetsiya Bosh vaziri iste’foga chiqishini e’lon qildi

Olam

image

Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson muxolifat g‘alaba qozongan parlament saylovlaridan so‘ng uni lavozimidan ozod etishlarini so‘radi. Bu haqda u bugun, 17 sentyabr kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi. 

Kristerssonning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish natijalari yangi hukumatni shakllantirish jarayonini murakkablashtirishi mumkin.

“Saylov natijalari keyingi hukumatni shakllantirish uchun murakkab sharoitni yuzaga keltirishi mumkin, chunki partiyalarning ovoz berish kunidan oldin bergan turli bayonotlari hukumat va koalitsiyalarni shakllantirish bo‘yicha barcha ehtimoliy nomzodlar uchun to‘siqqa aylanishi mumkin”, deyiladi bayonotda.

Kristersson Shvetsiya parlamenti spikeri Andreas Norlen yangi hukumatni shakllantirish yo‘lida zarur qadamlarni tashlashi kerakligini bildirgan.

“Ushbu ish darhol boshlanishi uchun men shu bilan meni Bosh vazir lavozimidan ozod etishlarini so‘rayman”, deb yozgan u o‘z bayonotida.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 13 sentyabr kuni Shvetsiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda muxolifatdagi so‘l-markazchi blok 49,5 foiz ovoz to‘pladi, Kristersson boshchiligidagi hukumron o‘ng blok esa 48,8 foiz ovoz yig‘di.

Sobiq bosh vazir Magdalena Andersson boshchiligidagi Shvetsiya Sotsial-demokratik ishchi partiyasi, So‘l partiya, Markaz partiyasi va Atrof-muhitni muhofaza qilish partiyasidan (yashillar) iborat So‘l blok parlamentda 176 ta o‘ringa ega bo‘ldi.

Qolgan 173 ta o‘rinni Kristersson boshchiligidagi Moderatorlar koalitsion partiyasi, “Xristian-demokratlar”, “Liberallar” hamda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi o‘ng-populistik “Shvetsiya demokratlari” partiyasidan iborat O‘ng blok egallaydi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing